Gretsiyada 13 soatlik ish kuni joriy etildi: ishchilar norozi
Olam
−
13 noyabr 2025 2822 2 daqiqa
Gretsiya hukumati xususiy sektorda ish smenalarini kuniga 13 soatgacha uzaytirish imkonini beruvchi yangi qonunni qabul qildi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukumat mazkur qarorni moslashuvchanlik va rivojlanish deb talqin qilmoqda. Qonun rasmiy ravishda ixtiyoriy va adolatli to‘lov asosida deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u amalda sakkiz soatlik ish kunini bekor qiladi. Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovlar grek ishchilari bu o‘zgarishga keskin qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.
Tanqidchilarning fikricha, bu qonun mehnat huquqlarini buzadi, biroq u Yevropa Ittifoqining ish vaqti to‘g‘risidagi direktivasiga texnik jihatdan mos keladi. Direktiva ish haftasiga o‘rtacha 48 soatdan oshmasligini talab qiladi, lekin kunlik ish soatlariga qat’iy cheklov qo‘ymaydi. Shu bois Gretsiya hukumati bu bo‘shliqdan foydalanib, 13 soatlik ish kunini qonuniylashtirgan.
Ma’lumot uchun, 1936 yilda greklar sakkiz soatlik ish kuni uchun kurashda g‘alaba qozongandi. Ammo bugun ular yana Yevropaning eng ko‘p ishlaydigan ishchilari qatoriga qaytmoqda. Yevropa Ittifoqi hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, grek xodimlari yiliga o‘rtacha 1900 soat ishlaydi. Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniyada 1510, Germaniyada esa atigi 1330 soatni tashkil etadi.
Ayni paytda, mamlakatda ish haqi va unumdorlik pastligicha qolmoqda. Mutaxassislar bunga mehnat shartlarining zaifligi, kam maosh va ishchilar huquqlarining cheklanganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.
2008 yilgi moliyaviy inqirozdan so‘ng Gretsiyaning yalpi ichki mahsuloti 27 foizga kamaygan, aholining real daromadi esa 35 foizga tushgan. So‘nggi yillarda minimal ish haqi oshirilgan bo‘lsa-da, bu ishchilarning xarid quvvatini tiklamagan. Oqibatda hukumat ishchilarga ko‘proq maosh o‘rniga uzoqroq ish kuni taklif qilmoqda.
Yil boshida o‘tkazilgan so‘rovda grek ishchilarining 94 foizi ish vaqtini qisqartirish tarafdori bo‘lgan, 60 foizdan ortig‘i esa 13 soatlik ish kunini qat’iyan rad etgan. Uzoq soatlar ishlayotgan ishchilarning 70 foizi “ixtiyoriy” degan atama amalda majburiylikni yashirayotganini aytgan.
Yangi qonun mehnatkashlar orasida norozilik to‘lqinini keltirib chiqargan. Butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashlar o‘tkazilmoqda. Ishchilar bu islohotni “19-asrga qaytish” deb atamoqda. Mutaxassislar esa ogohlantirmoqda: Gretsiyaning bu qarori ish va hayot o‘rtasidagi chegarani yo‘q qilishi, mehnat sharoitlaridagi tarixiy yutuqlarni esa yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiyada ish tashlash oqibatida sayohat va xizmatlar to‘xtatilgandi.
Live
Barchasi