Gretsiya chegaraga yaqinlashayotgan qochqinlarni SMS orqali ogohlantirmoqda
Olam
−
01 mart 2020
4419Gretsiya hukumati Turkiya bilan chegarasi yaqinida bo‘lgan noqonuniy muhojirlarga SMS-xabarlar yuborib, chegarani buzmaslik haqida ogohlantirmoqda. Bu haqida hukumat rasmiylaridan biri jurnalistlarga ma’lum qilgan.
"Gretsiya hukumati soxta yangiliklar ta’siri ostida sharqiy chegaramiz tomon kelayotgan yoki u yerda to‘planib qolgan odamlarni xabardor qilish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanmoqda. Aholini xabardor qilish uchun SMS-xabar yuborish imkoniyatidan foydalanayapmiz", dedi u.
SMS-xabarnomada shunday deyilgan: “Gretsiya Respublikasi nomidan: Gretsiya chegara xavfsizligini maksimal darajada oshiradi. Chegaradan noqonuniy o‘tishga urinmang”.
"Xorijiy mobil telefonlarga chegaraga yaqinlashilganda SMS-xabarlar keladi. Ularni minglab odamlar allaqachon qabul qilgan", deb ta’kidlaydi rasmiy.
Ma’lumot o‘rnida, Gretsiya Respublikasi politsiyasi 29 fevral kuni Turkiya Respublikasi bilan chegarada to‘plangan muhojirlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz otdi. 2015 va 2016 yillarda yuz minglab boshpana izlovchilar uchun asosiy eshik bo‘lgan Gretsiya, navbatdagi muhojirlar oqimi mamlakatga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymasligini tasdiqladi.
Turkiya Idlibdagi vaziyatning keskinlashishi sabab suriyalik qochqinlar uchun qit’a eshiklarini ochgani muhojirlar oqimining Yevropa sari harakatlanishiga turtki bo‘ldi. Yevropa hozirda bunday katta qochqinlar oqimini qabul qilishga tayyor emas. Bu Yevropaga nisbatan Turkiya tomonidan qo‘llangan o‘ziga xos ultimatum ekanligi taxmin qilinmoqda.
LiveBarchasi