Googoosh Trampga yordam so‘rab murojaat qildi

Olam

image

AQSHning Los-Anjeles shahrida yashab kelayotgan fors retro yulduzi Googoosh Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga xat yozib, undan shahzoda Rizo Pahlaviy bilan hamkorlik qilish va Eronning amaldagi hukumatiga qarshi keskin chora ko‘rishni so‘radi. U o‘z maktubi ilova qilingan postni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joyladi.

Xonanda Oq uy rahbariga amaldagi Eron rejimi tomonidan bir vaqtlar o‘z ovozidan mahrum etilgan eronlik san’atkor sifatida murojaat qilib, Eron xalqi Ali Xomanaiy rahnamoligidagi rejim tomonidan qirg‘in qilinayotganini qayd etgan.

Uning ishonchli manbalarga tayanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, Erondagi namoyishlar fonida atigi bir necha kun ichida 12 mingdan 20 minggacha inson hayotdan ko‘z yumgan. Googoosh Trampdan Eron xalqi bilan bir safda turish, shahzoda Rizo Pahlaviy bilan hamkorlik qilish va Erondagi rejimga qarshi shoshilinch hamda qat’iy choralar ko‘rishni so‘ragan.

“Qirq yetti yil davomida bu rejim farovonlik o‘rniga urushni, hayot o‘rniga mafkurani tanlab keldi. Shifoxonalar vayron bo‘layotgan bir paytda ular “Amerikaga o‘lim” deb hayqirdi. Maktablar qurish o‘rniga amerikaliklarni garovga oldi. Eron daryolari qurib borar, iqtisodiyot esa qular ekan, ular “Isroilga o‘lim” deb qichqirdi. Milliardlab mablag‘lar raketalar, “Hizbulloh” va xorijdagi proksi kuchlarga sarflandi, eronliklar esa qashshoqlik, elektr uzilishlari, suv tanqisligi, senzura, qamoqlar va ommaviy muhojirlikka mahkum etildi”, deya davom etgan u.

San’atkorning qo‘shimcha qilishicha, bugun Eron ichida himoyasiz qolgan odamlar Trampga umid bilan murojaat qilmoqda, “insoniyatga qarshi davom etayotgan jinoyatlar qarshisida yordam so‘rab faryod chekmoqda”.

“Janob Prezident, umid qilamanki, siz mening xalqimga yordam qo‘lini cho‘zasiz va so‘nggi 50 yil ichida Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib Eron xalqi tomonida qat’iy turasiz. Shu orqali bir vaqtlar ikki xalq o‘rtasida mavjud bo‘lgan tarixiy munosabatlarni qayta tiklashga hissa qo‘shasiz”, degan u.

Eronda norozilik namoyishlari

Eronda norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi tarixiy “Grand-bazar” bozorida avj oldi. Do‘kon egalari milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan keskin qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklar ortib borayotgani sababli norozilik namoyishlarini boshladi. Namoyishlar tezda mamlakatning ko‘plab shaharlariga tarqaldi. 

8 yanvar kuni Tehronda norozilik namoyishlari keskinlashdi. Tartibsizliklar davomida namoyishchilar (jumladan, turli guruhlar) ko‘plab ob’ektlar – ko‘plab avtobuslar va tez yordam mashinalari, o‘nlab turar-joy binolari, banklar, masjidlar, shifoxonalar, shuningdek, boshqa davlat va jamoat binolariga o‘t qo‘yib, vayron qilgan. Norozilik namoyishlari kuchayganidan so‘ng Eron hukumati internetga kirish bo‘yicha umummilliy cheklov joriy qildi. 

Erondagi namoyishlar to‘lqini pasaygan bo‘lsa-da, HRANA ma’lumotlarni yangilashda davom etmoqda, yangi tasdiqlangan holatlarni qayd etmoqda va halok bo‘lganlar va hibsga olinganlar soni haqidagi ma’lumotlarni izchil oshirib bormoqda. 

Eron rasmiylari hozirgacha tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lganlar va yaradorlar soni bo‘yicha rasmiy statistikani e’lon qilmagan. Shu bilan birga, avvalroq Tehronda rasmiy tuzilmalar terrorchilik tashkilotlari a’zolari yoki norozilik namoyishlarini tashkil etish va kuchaytirishga aloqador bo‘lgan ig‘vogarlar deb atagan uch mingga yaqin kishi hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. 

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy 17 yanvar kuni norozilik namoyishlari chog‘ida Isroil va AQSH bilan bog‘liq shaxslar mamlakatga katta zarar yetkazgani va bir necha ming kishining o‘limiga sabab bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Tramp Oq uy Tehron Googoosh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing