Gollivud yulduzi o‘z uyida o‘lik holda topildi
Madaniyat-san’at
−
15 dekabr 11631 2 daqiqa
Kecha, 14 dekabr kuni amerikalik aktyor va rejissyor Rob Rayner hamda uning rafiqasi Mishel Los-Anjelesdagi uyida o‘lik holda topildi. Politsiya ularning o‘limini ehtimoliy qotillik sifatida tergov qilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Politsiya Los-Anjelesning ko‘plab mashhurlar yashaydigan Brentvud hududida topilgan 78 yoshli erkak va 68 yoshli ayolning ismlarini rasman oshkor qilmagan. Biroq oila vakillari gap aynan Rob Rayner va uning rafiqasi Mishel haqida ketayotganini tasdiqlagan.
“Bu kutilmagan yo‘qotish bizni chuqur qayg‘uga soldi”, deyiladi bayonotda.
Hodisa tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan. Ma’lum bo‘lishicha, ish bilan qotilliklarni tergov qilish bo‘limi shug‘ullanmoqda, hozircha gumondorlar yo‘q. Politsiya Raynerlar oilasi a’zolari bilan suhbatlashishni va er-xotinning uyini sinchkovlik bilan tintuv qilishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Rayner 1980 yillarda rejissyorlik faoliyatini boshlagan. Uning katta ekrandagi ilk ishi utopik britan rok guruhi haqida suratga olingan “Bu – Spinal Tap” (This is Spinal Tap!) nomli hujjatli film bo‘lgan. Bu film keyinchalik mashhur bo‘lib, ko‘plab “eng yaxshi filmlar” va “eng yaxshi komediyalar” ro‘yxatlaridan joy olgan. 2025 yilning sentyabrida afsonaviy filmning davomi – “Spinal Tap 2: Oxiri davom etadi” (Spinal Tap 2: The End Continues) namoyish etildi. Uning rejissyori va ssenariy muallifi ham Rayner bo‘lgan.
Rayner ko‘p film suratga olmagan – atigi 20 dan sal ko‘proq, biroq ularning aksariyati tomoshabinlar sevimlisiga aylangan. 1990 yilda u Stiven Kingning shu nomli romani asosida suratga olingan “Azob” (“Misery”) filmini suratga oldi. Unda Keti Beyts va Jeyms Kaan bosh rollarni ijro etgan. Keyinchalik Keti Beyts ushbu film uchun “Eng yaxshi ayol roli” yo‘nalishida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida ikki karra “Oskar” mukofoti sovrindori, 95 yoshli aktyor Jin Xekmen va uning rafiqasi 63 yoshli pianist Betsi Arakava o‘z uyida o‘lik holda topilgandi.
Live
Barchasi