Golden House’ning “Assalom Jomiy” turar joy majmuasiga o‘t ketdi (video)
3-sahifa
−
05 avgust 2884 2 daqiqa
Bugun, 5 avgust kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi elektr qutisida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Avvalroq, bu haqda QALAMPIR.UZ’ga murojaat kelib tushgan edi. Murojaatga ko‘ra, Golden House'ning “Assalom Jomiy” turar joy majmuasida 5 avgustga o‘tar kechasi yuz bergan yong‘in oqibatida butun pod’ezddagi xonadonlar elektr, gaz va suvsiz qolgan. Murojaatchining aytishicha, hodisa vaqtida ayrim aholi, jumladan, yosh bolali oilalar uy ichida qolib ketgan. Hodisada yengil kuyganlar ham bo‘lgan.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, soat 02:19 da Toshkent shahrining Olmazor tumani, Usta Shirin ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning 6-kirish yo‘lagidagi elektr qutisida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida boshqarmaga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, qutqaruv bo‘linmasi soat 02:25 da hodisa joyiga yetib borgan hamda yong‘in soat 03:58 da o‘chirilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida 6-kirish yo‘lagida taxminan 60 pogonometr maydondagi elektr kabellari yonib zararlangan. Ko‘rsatilgan manzilda qutqaruvchilar tomonidan ko‘p qavatli uydan 26 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
Toshkent shahar FVBBga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgan edi.
Live
Barchasi