G‘ofur Rahimovning rafiqasini 200 ming dollarga chuv tushirgan Miraliyev sudda javob beryapti

Jamiyat

image

Yaqinda O‘zbekistonda parrandachilik biznesining asosiy ishtirokchisi sifatida ko‘riladigan Oybek Miraliyev hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Unda O.Miraliyevga nisbatan ochilgan jinoyat ishida tadbirkor G‘ofur Rahimovning turmush o‘rtog‘i Lola Rahimova da’vogar sifatida qatnashmoqda deyilgandi.

QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, 2019 yil 19 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi yopiq sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanayotgan O.Miraliyevni qamoqda saqlash muddatini 5 oyga uzaytirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosarining iltimosnomasi ko‘rib chiqilgan. 

Dastlabki tergov organi tomonidan aniqlangan holatlarga ko‘ra O.Miraliyev bir guruh shaxslar bilan jinoiy til biriktirgan. Tanishi G.Sh.ning mol-mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilib, uning ishonchiga kirgan. G.Sh.ning nomidagi uyni sotib berishni aytib, 2013 yilda o‘zining tanishi J.Yu.ning nomiga ishonchnoma qildirgan. Keyinchalik mazkur uyni onasining nomiga  rasmiylashtirib olgan. 2017 yilda uyni 590 ming AQSH dollariga sotib, uyning asl egasi G.Sh.ga pullarni bermay, jinoiy sheriklari bilan uni taqsimlagan va shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Shuningdek, O.Miraliyev sheriklari bilan jinoiy harakatlarini davom ettirib, nazorat qilinmaydigan daromad olish maqsadida R.Gafarovni ishonchiga kirib, Lola Rahimovaga tegishli “Sanoat qurilish industriya” MCHJga qarashli uyni 2,8 million AQSH dollariga sotib olib berishni va’da bergan. 2018 yil aprel oyida boshlang‘ich to‘lov sifatida dastlab 100 ming AQSH dollari, 2018 yil may oyida yana 100 ming AQSH dollari olgan. 2018 yilning iyun oyida guyoki uy uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligini vaj qilib, uyni fuqaro Sh.N.ga sotilganligi haqida hujjatlarni rasmiylashtirgan. 2018 yilning oktyabr oyida “Sanoat qurilish industriya” MCHJ direktori nomidan ushbu binoni “Apex Dolores Network” direktori B.B.ga 16 milliard so‘mga sotgan. Jinoiy faoliyati davomida qo‘lga kiritgan 200 ming AQSH dollarini sheriklari bilan taqsimlab, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

2019 yil 21 sentyabrda O.Miraliyev jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. 2019 yil 23 sentyabr kuni u huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot xodimlari tomonidan ushlangan.

Bosh prokuror o‘rinbosari O.Miraliyevni qamoqda saqlash muddati 2019 yilning 23 dekabr kuni tugashi va mazkur muddatda dastlabki tergovni tamomlashning imkoniyati yo‘qligi hamda ehtiyot chorasini o‘zgartirish uchun asoslar mavjud emasligi sababli, uni qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish haqida iltimosnoma kiritgan.

Sud Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasini qo‘llab-quvvatlagan prokuror ma’ruzasini, ayblanuvchi va himoyachilarning fikrlarini eshitib, ayblanuvchiga nisbatan bo‘lgan mazkur jinoyat ishi katta hajmdaligi, ishtirokchilar soni ko‘pligi, guvohlarni so‘roq qilish va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazish zarurati mavjudligi sababli, tergov harakatlarini ushbu muddatda yakunlash imkoniyati yo‘qligini inobatga olib, iltimosnomani qanoatlantirgan. Ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatini 5 oyga, ya’ni 2020 yilning 23 fevralga qadar uzaytirishni lozim deb topgan.

P.S.: Jinoyat protsessual kodeksining 19-moddasi 10-bandiga ko‘ra, sud hukmlari, ajrimlari va qarorlari barcha hollarda oshkora e’lon qilinadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Miralievlar ishi

Baholaganlar

1794

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing