Global suv inqirozi kengaymoqda – BMT

Olam

image

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanadigan suv resurslari hajmi pasayishda davom etmoqda va so‘nggi o‘n yil ichida yana 7 foizga kamaydi. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan e’lon qilingan AQUASTAT ma’lumotlar bazasining yangi sharhida qayd etilgan.

Qayd etilishicha, gap tabiiy gidrologik aylanish natijasida har yili yangilanib turadigan chuchuk suv resurslari haqida bormoqda. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda 2015 yildan buyon aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanadigan suv resurslari 12 foizga qisqargan. Bu ko‘rsatkich dunyodagi eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi.

FAO mutaxassislari suv tanqisligi darajasini baholash uchun “suv stressi”, ya’ni suv resurslariga tushayotgan yuk ko‘rsatkichidan foydalanadi. Bu ko‘rsatkich suv olish hajmining mavjud suv zaxiralariga nisbatan foizini aks ettiradi. Markaziy Osiyo suvdan foydalanish tuzilmasi sababli yuqori “suv stressi”ga duch kelmoqda: mintaqada olinadigan suvning 82 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shunga qaramay, FAO Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarishda ijobiy o‘zgarishlar borligini qayd etadi. Jumladan, chuchuk suvni umumiy olish hajmi 9 foizga qisqargan (2015 yildagi 123 million kub metrdan 2022 yilda 112 million kub metrgacha), “suv stressi” darajasi esa 76,8 foizdan 70,2 foizgacha tushgan, ya’ni 8,6 foizlik kamayish kuzatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, chuchuk suv resurslariga bosim dunyoning barcha mintaqalarida ortib bormoqda. 2022 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha “suv stressi” darajasi 18 foizni tashkil etgan, biroq ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori:

  • Shimoliy Afrika – 121 foiz;
  • Janubiy Osiyo – 76,7 foiz;
  • Markaziy Osiyo – 70,2 foiz;
  • G‘arbiy Osiyo – 65,1 foiz.

“Stress”ning yuqori darajasi yil davomida olinayotgan suv hajmi tabiiy yo‘l bilan to‘ldiriladigan suv miqdoriga yaqinlashayotganini yoki undan oshib ketayotganini anglatadi. Bu esa suv ekotizimlari va iqtisodiyotning barqarorligiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi hanuzgacha dunyoda suvdan foydalanadigan eng yirik soha bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, Yevropa va Shimoliy Amerikada suvning nisbatan kichik qismi – 34 foizi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi, biroq bu hududlar global sanoat suv iste’molining qariyb yarmiga (47 foiz) to‘g‘ri keladi.

FAO bahosiga ko‘ra, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish borasida ayrim mintaqalarda, jumladan, Markaziy Osiyoda ijobiy siljishlar mavjud. Biroq qurg‘oqchil hududlarning aksariyatida “suv stressi” darajasining yuqoriligi uzoq muddatli moslashuv choralarini va barqaror suv boshqaruvi zarurligini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo suv tanqisligi chegarasiga keskin yaqinlashayotgani, mintaqaning yirik shaharlarini bu chegara ortida bugun Eron poytaxti Tehronda kuzatilayotganga o‘xshash inqiroz kutishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

suv suv inqirozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing