Gladiatorlar jangining ayanchli yakuni. UFC tarixidagi eng og‘ir jarohatlar

Sport

IMG_20210716_185656_575

Antik Rimda gladiatorlar o‘rtasida janglar tashkil etilgan. Lekin u hech qachon Yunonistonda o‘tkaziluvchi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan. Sababi aksariyat holatlarda raqiblardan biri yoki bir nechtasi vafot etgunicha bahslar davom ettirilgan. Lekin unga bo‘lgan qiziqish Olimpiadaga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan.  

Zamonaviy Olimpiya o‘yinlari qayta tiklanganidan buyon (1896 yil) aralash jang san’ati (MMA) sporti ham uning dasturidan haligacha joy olmadi. Chunki ushbu sport turi zo‘ravonlik va jangovorlikka asoslangan. Aksariyat bellashuvlarda u yoki bu sportchining yuzidan qon quyilib oqayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Boshqa bir holatda, oyoq bilan noto‘g‘ri zarba berish va harakatlanish tufayli o‘ta og‘ir jarohatlar yuzaga keladi.

Balki shuning uchundir, yillar davomida MMAning eng mashhur ligasi UFC’da bunday holatlarning sodir bo‘lishi ajablanarli hodisa sifatida qabul qilinmayapti. Joriy yilning 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan UFC 264 turnirida ham promoushenning asosiy yulduzlaridan biri Konor Makgregor oyog‘ining golenostop qismidan jiddiy jarohat oldi. Navbatdagi 9 oy davomida oktagonga qayta olmasligi ma’lum bo‘lib ulgurdi.
Biroq, bunga qadar ham muxlislar bunday holatlarga ko‘p marta guvoh bo‘lib ulgurgan. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Anderson Silva — Kris Vaydman (UFC 168)

UFC muxlislari juda yaxshi eslaydigan bahs. Chunki Anderson Silva eng taniqli MMA jangchilaridan biri. 2013 yil oxirida o‘z unvonini himoya qilish uchun Kris Vaydmanga qarshi jang o‘tkazdi. Birinchi bahsda nokaut evaziga mag‘lub bo‘lgan Silva ikkinchi bellashuvda g‘alabani ko‘proq istab yuborgani ayon bo‘ldi.

Chunki uning kuchli tarzda yo‘llangan oyoq zarbasini Vaydman tizzasi bilan to‘sishga urindi. Shundan so‘ng “stoyka” holatiga qaytgan sobiq chempion birdaniga muvozanatni yo‘qotdi. Biroq uning oyoqlari tayanch vazifasini bajara olmaydigan darajada sinib bo‘lgan edi. Ushbu holat yig‘ilgan tomoshabinlarni dahshatga soldi.

Kris Vaydman — Yuriya Xoll (UFC 261)

Ha, yana o‘sha Kris Vaydman ishtirokidagi jang. Biroq bu safar jabrlanuvchi rolida Krisning o‘zi namoyon bo‘ldi. UFC 261 turnirining asosiy kardida Yuriya Xoll bilan to‘qnash kelgan Kris Vaydman dastlabki soniyalardayoq, “lou-kik” zarbasini berish chog‘ida oyog‘ini sindirib oldi. Jang esa darhol to‘xtatildi. Shundan so‘ng Vaydman ringdan olib ketildi. Bu Konorning jarohatiga qaraganda xavfliroq edi. Garchi g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, Xollning o‘zi ham jangdan keyin tushkun kayfiyatda ortga qaytishi fikrimizga isbot bo‘la oladi.

Mark Xominik — Xose Aldo (UFC 129)

Yengil vazn toifasining sobiq chempioni Xose Aldo Mark Xominik bilan jangda uning yuziga musht va tirsak orqali zarbalar yo‘lladi. Markning o‘ng ko‘zi va peshonasida ulkan tennis to‘pi hajmidagi gemotoma paydo bo‘ldi. Sharhlovchi Jo Rogan esa uni “ikkinchi bosh” deb ta’riflagan edi.
Ajablanarlisi shundaki, shifokorlar ham, referi ham jangni to‘xtatmagan. Xominikning jangni davom ettirishga ruxsat berilgan, Tabiiyki, oxir-oqibat braziliyalik Aldo g‘alaba qozongan.

Antonio Rodrigo Nogeyra — Frank Mir (UFC 140)

Og‘ir vazn toifasidagi bu juftlik 2011 yilda Torontoda revansh jangini o‘tkazdi. Azaliy raqiblar o‘rtasidagi ikkinchi bellashuvda birinchi raundning o‘zidayoq Mir raqibining qo‘lini sindirib yuborgan.

Nogeyraning bir nechta kuchli zarbasidan keyin, biroz o‘zini yo‘qotishni boshlagan Frank, birinchi bahsda bo‘lgani kabi g‘alaba qozonishini hali bilmas edi. Ustunlikka erishayotgan Antonio g‘alabasiga ishonib raqibini parter holatida mag‘lub etishga urindi. Biroq kutilmaganda Mir Nogeyraning qo‘lini uchburchak uslubida oshlab oldi. Qo‘lini chiqarib olish uchun imkoni boricha harakat qilgan Antonio Rodrigoning qo‘li g‘ayritabiiy holatda sindi. Shifokorlar keyinchalik operatsiya yordamida uni o‘z o‘rniga keltirishdi.

Jon Jons — Cheyl Sonnen (UFC 159)

Dunyoning eng yaxshi MMA jangchisi Jon Jons Cheyl Sonnenga qarshi o‘z chempionlik kamarinining himoya jangini o‘tkazdi. Jons uni birinchi raunddayoq texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi, ammo bahsda oyog‘ining bosh barmog‘ini dahshatli tarzda sindirib olgani bahs yakuniga yetgach ma’lum bo‘lgan edi.
Raqibni parterga tushirish jarayonida tayanch oyog‘i sirpanib ketishi natijasida ushbu holat sodir bo‘lgan. 

Garchi u jangdan so‘ng Jo Rogan bilan tushunarsiz intervyu olib borganiga qaramasdan, jarohat naqadar og‘riqli ekanligini suratdan ham bilsa bo‘ladi.

“Sen buyuk natijalarga erishayotganing uchun ham, haqiqiy chempionsan. Bu men ko‘rgan eng yomon va antiqa jarohat”, degan edi jangdan so‘ng Rogan.

Lesli Smit — Jessika Ay (UFC 180)

Ushbu ikki ayol jangchi Mexiko shahrida jang qilishdi. Ikkinchi raundning boshlarida, Jessika raqibiga o‘ng tomondan «xuk» zarbasini yo‘lladi. So‘ngra Smitning qulog‘i zarba natijasida osili qoldi va qon quyilib oqa boshladi.


Vaziyatni mutlaqo to‘g‘ri baholagan referi Xyorb Din jangni to‘xtatdi.

Alistar Overim — Jairzino Rozenstruyk (UFC on ESPN 7)

2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan titanlar to‘qnashuvning so‘nggi raundi yakunlanishiga bir necha soniya qolganida, Rozenstruyk Overimga to‘g‘ridan bir nechta kuchli zarbalar yo‘lladi. So‘nggi zarba natijasida og‘ir vazn toifasi chempionligi uchun sobiq da’vogarning ustki labi yirtilib ketdi. Ammo, Alistarning baxtiga jarohat ko‘ringanidek xavfli bo‘lib chiqmadi. Plastik operatsiya evaziga uning “nusxi” saqlab qolindi.

Aslida har qaysi sport turining xavfli tomonlari yetarlicha topiladi. Agar MMA bilan muntazam shug‘ullanishni istasangiz, albatta, ehtiyotkorlikka amal qiling.


Maqola muallifi

Teglar

UFC Konor Makgregor Anderson Silva Kris Vaydman Jessika Ay Mark Xominik Antonio Rodrigo Nogeyra Lesli Smit Alistar Overim Jarohatlar

Baholaganlar

482

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing