“G‘ishtko‘prik” postida uyushgan guruh talon-torojlik qilayotgani aytilmoqda. IIV holatga izoh berdi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2021
18257Ijtimoiy tarmoqlarda uyushgan guruh Toshkent viloyati "G‘ishtko‘prik" chegara postida talon-torojlik qilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Unga ko‘ra, postdan chiqishda tashkil etilgan taksilar turargohida guruh vakillari fuqarolarni borar manziliga eltib qo‘yish uchun kelishadi. Narx odatdagidan 6-7 baravar qimmat aytiladi. Taksining haqiqiy egasi esa bu kelishuvga aralashmaydi. Aytilgan pul oldindan olinib, taksichiga xizmat haqqi beriladi va qolgani guruh vakili cho‘ntagiga tushadi. Bu qoidaga bo‘ysunmagan taksichi yoki fuqarolar bo‘lsa, uyushgan holda kaltaklanadi.
Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov holat yuzasidan munosabat bildirdi. Vazirlik mas’uliga ko‘ra, "G‘ishtko‘prik" chegara posti atrofida bo‘layotgan ehtimoliy huquqbuzarliklar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilmoqda.
“Faol fuqarolik pozitsiyasini namoyish etib, turli huquqbuzarliklar haqida ichki ishlar organlariga xabar berayotgan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorchilik bildiramiz.
Shu o‘rinda fuqarolarimizga eslatib o‘tmoqchimiz, agar sizni yoki yaqinlaringizni huquqlari poymol qilinsa yoki shunday bo‘lgan deb hisoblasangiz, darhol 102 qisqa raqamiga yoki eng yaqin ichki ishlar organlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deydi IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov.
LiveBarchasi