Gidlar har 3 yilda malaka oshiradi, sertifikat berish tizimi joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Turizm sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi

Mazkur qaror bilan, gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga malaka toifasini joriy etish va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida “Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga malaka sertifikatlarini berish to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlanadi. 

Nizom loyihasi bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi

NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil  2 dekabrdagi PF-4861-sonli “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 5 yanvardagi PF-5611-sonli “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarni (turizmning faol turlari bo‘yicha) malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.

1. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar ishlatiladi:

talabgor ― malaka sertifikatini olishga talabgor bo‘lgan jismoniy shaxs;

malaka imtihoni ― gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchiga qo‘yilgan talablarga talabgorning mos kelishini tekshirishga yo‘naltirilgan, malaka imtihoni komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan imtihon;

malaka sertifikati ― gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchining malakasini tasdiqlovchi hujjat.

2. Malaka sertifikati jismoniy shaxsga quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi hududida gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beradi:

yuridik shaxs shtatida bo‘lsa;

fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuridik shaxs bilan ishlayotgan bo‘lsa;

yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa.

3. Malaka sertifikati talabgorga malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (bundan buyon matnda Qo‘mita deb yuritiladi) tomonidan beriladi.

4. Malaka imtihoni O‘zbekiston Respublikasi hududida gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi xizmatlarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan talabgorlarning bilim va ko‘nikmalarini tekshirish vositasi hisoblanadi.

5. Mazkur Nizomda belgilangan malakaviy talablarga javob beradigan talabgorlarga malaka imtihonni topshirishlariga ruxsat etiladi.

6. Malaka sertifikatini berish (rasmiylashtirish), amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish hamda dublikat berish bo‘yicha mazkur Nizomda belgilangan miqdorda talabgordan yig‘im undiriladi.

7. Malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini berish Qo‘mita qoshidagi «Turizm o‘quv-konsalting markazi» Davlat unitar korxonasi (bundan buyon matnda Ishchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.

8. Oliy ta’lim muassasalari qoshidagi davlat unitar korxonalari, litsenziya asosida faoliyat yurituvchi nodavlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlar (bundan buyon matnda O‘quv markazlari deb yuritiladi) gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarni qayta tayyorlashlari va malakalarini oshirishi hamda mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalariga muvofiq qayta tayyorlash to‘g‘risidagi guvohnoma va malaka oshirish to‘g‘risidagi sertifikatni berishlari mumkin. Bunda:

gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv reja va dasturlari bir hafta muddatda o‘rnatilgan tartibda Ishchi organ bilan kelishiladi va Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi;

gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish bilan shug‘ullanuvchi O‘quv markazlari professor-o‘qituvchilar va murabbiylarining kasb hamda malaka darajalari o‘rnatilgan tartibda Ishchi organ bilan kelishiladi.

9. Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan har bir gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi Qo‘mita tomonidan tasdiqlanadigan 72 soat hajmdan kam bo‘lmagan malaka oshirish dasturlari bo‘yicha har uch yilda malaka oshirish kurslarini o‘tishi shart.

2. Talabgorga qo‘yiladigan malaka talablari

10. Malaka imtihonini topshirish uchun talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:

a) O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lishi;

b) Oliy yoki o‘rta maxsus kasb-hunar ma’lumoti haqidagi diplomga ega bo‘lishi;

v) Ishchi organ yoki uning filiallari va O‘quv markazlarida gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi.

11. Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi mutaxassisligi bo‘yicha oliy yoki  o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomiga ega bo‘lganlar oliy toifa olish uchun malaka imtihonlarida qatnashish huquqiga ega.

12. Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq malaka toifalari beriladi.

3. Malaka imtihonini topshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

13. Talabgor malaka imtihonini topshirish uchun Ishchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza;

b) oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumoti haqidagi diplom yohud vakolatli davlat organining xorijiy ta’lim muassasasida olingan hujjatning nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) guvohnomasining nusxasi;

v) ikki dona fotosurat (3x4 hajmda);

g) gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarni qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi amaldagi guvohnoma hamda malaka oshirish sertifikati nusxalari;

d) malaka sertifikatini olish (rasmiylashtirish) uchun eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdoridagi yig‘imni amalga oshirganligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati;

ye) pasport nusxasi;

j) 086 shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma (yo‘riqchi-kuzatuvchi uchun);

z) mavjud hollarda tegishli idoralar tomonidan berilgan sport bo‘yicha erishgan yutuqlari va razryadlarini tasdiqlovchi hujjatlar (yo‘riqchi-kuzatuvchi uchun).

14. Mazkur Nizomning 13-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan Ishchi organga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali ularni olinganligini tasdiqlovchi xabarnoma bilan birga topshiriladi. Taqdim etilgan hujjatlar qaytarib berilmaydi.

4. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish qarorlarini qabul qilish tartibi

15. Ishchi organ ariza tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida talabgorning malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.

16. Ishchi organ quyidagi asoslarga ko‘ra malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etadi:

a) talabgor mazkur Nizomning 10-bandi talablariga javob bermaganda;

b) mazkur Nizomning 13-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘liq bo‘lmagan holda taqdim etganda.

17. Talabgorni boshqa asoslarga ko‘ra malaka imtihonini topshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

18. Talabgorning malaka imtihonini topshirishi rad etilgan taqdirda Ishchi organ tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi va talabgorga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda, qabul qilingan qaror haqida uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabar yuboriladi.

19. Talabgor malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishning rad etilishiga bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina qayta ariza berishi mumkin.

20. Talabgorning malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berish yuzasidan qaror qabul qilinganida u malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi va ro‘yxat malaka imtihoni boshlanishidan oldin malaka imtihoni komissiyasiga topshiriladi. 

5. Malaka imtihonini topshirish tartibi

21. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar uni o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi haqida malaka imtihoni o‘tkaziladigan kundan kamida o‘n kun oldin pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.

22. Malaka imtihonini o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumot, uni o‘tkazish haqidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kundan kechiktirmay Ishchi organ va Qo‘mitaning veb-saytlarida joylashtiriladi.

23. Talabgorni malaka imtihonidan o‘tkazish uchun kamida besh kishidan iborat tarkibda malaka imtihoni komissisi tuziladi. Malaka imtihoni komissiyasi tarkibiga Qo‘mitaning va Ishchi organ hamda manfaatdor idoralar bilan kelishilgan holda – Fanlar Akademiyasi, oliy ta’lim muassasalarining vakillari, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar kiritiladi. Qo‘mitaning vakolatli vakili malaka imtihoni komissiyasi raisi etib tayinlanadi.

24. Malaka imtihoni komissiyasi tarkibi har bir malaka imtihoni uchun alohida tuziladi va doimiy hisoblanmaydi.

25. Talabgorlar pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etgan taqdirda malaka imtihonini topshirishga kiritiladi.

26. Hujjatlari imtihondan o‘tishga taqdim etilgan hamda uzrli sababga ko‘ra kelmagan talabgorlar malaka imtihoni komissiyasining keyingi navbatdagi majlisida imtihondan o‘tkaziladi.

27.Uzrli sabablarga ko‘ra kelmagan talabgordan malaka sertifikatini olish uchun qayta yig‘im talab etilmaydi.

28. Imtihonga takroran kelinmagan taqdirda malaka imtihoni komissiyasi tomonidan talabgorni imtihondan o‘tmagan deb hisoblash haqidagi qaror chiqarishga haqli.

29. Malaka imtihoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich: kompyuter texnikasidan foydalangan holda o‘tkaziladigan test sinovlari;

2-bosqich: og‘zaki suhbat (faqatgina malaka imtihonida ilk marotaba ishtirok etayotgan gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilar uchun).

30. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushirilishi mumkin.

31. Har ikkala bosqichdagi malaka imtihonini bir kunda o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

32. Malaka imtihoni gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilar uchun alohida guruhlarda  o‘tkaziladi.

33. Testlar, og‘zaki suhbat uchun savollar hamda to‘g‘ri javoblar to‘plami manfaatdor  tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv reja va dasturlar asosida Ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi.

34. Test savollari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda yangilab boriladi.

35. Test sinovlari o‘quv reja dasturlarning barcha bo‘limlarini o‘z ichiga olgan holda, kamida 100 ta savollardan iborat bo‘ladi.

36. Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun 3 soat vaqt taqdim etiladi.     

37.Talabgorning to‘g‘ri javoblar bo‘yicha yakuniy natijasi 70 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan bo‘lsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.

38. Amaldagi gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilar hamda talabgorlar uchun test sinovlari, Ishchi organ veb-sayti orqali onlayn rejimda ham o‘tkazilishi mumkin.

39. Test sinovi natijalari salbiy deb topilgan taqdirda, talabgorga og‘zaki suhbatdan o‘tishga ruxsat berilmaydi.

40. Test sinovi natijalari ijobiy deb topilgan talabgorlarga og‘zaki suhbatdan o‘tishga ruxsat beriladi hamda suhbat o‘tkaziladigan joyi, sana va vaqti haqida suhbat o‘tkazishidan 5 kun oldin xabar beriladi.

41. Og‘zaki suhbat talabgor arizasida ko‘rsatilgan (o‘zbek yoki rus) tilda olib boriladi.

42. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda talabgorning qonun hujjatlari, yo‘riqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan, uyali telefondan foydalanish, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilishi ta’qiqlanadi.

43.Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi.

44.Talabgorga o‘zi bilan birga ichimlik suvi, dori va malaka imtihonini topshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar (ko‘zoynak, linzalar) bo‘lishiga ruxsat etiladi.

45. Begona shaxslarning test sinovlari o‘tkazilayotgan xonaga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

46. Malaka imtihonidan o‘ta olmagan talabgor, malaka imtihonini topshirgan sanadan kamida bir oy o‘tgandan so‘ng malaka imtihonini qayta topshirish uchun ariza taqdim qilishi mumkin.

47. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yig‘im qaytarilmaydi.

48. Malaka imtihoni natijalari malaka imtihoni o‘tkazilgan kuni malaka imtihoni komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

49. Malaka imtihon natijalari Ishchi organning rasmiy veb-saytida malaka imtihoni o‘tkazilganidan so‘ng ikki kundan kechikmay e’lon qilinadi.

50. Malaka imtihoni komissiyasi qarorlari bayonnomalar bilan imtihon o‘tkazilgan kuni rasmiylashtiriladi va malaka imtihon komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi. Malaka imtihoni komissiyasining bayonnomalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Ishchi organda saqlanadi.

51. Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorga, mazkur Nizomning
5-ilovasiga muvofiq malaka sertifikati va 6-ilovasiga muvofiq identifikatsiya kartasi (bundan buyon – beydjik deb yuritiladi) Ishchi organ tomonidan beriladi.

6. Apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish

52. Malaka imtihoni natijalariga ko‘ra imtihondan o‘ta olmagan talabgorlar, malaka imtihoni natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 3 kun muddat ichida Ishchi organga apellyatsiya taqdim etish huquqiga ega.

53. Apellyatsiya yozma ravishda taqdim qilinadi.

54. Ishchi organ 5 ish kuni ichida taqdim etilgan apellyatsiyani ko‘rib chiqadi va qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda arizachiga xabar beradi.

55. Apellyatsiyani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

malaka imtihon komissiyasi qarorini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish;

imtihon komissiyasi qarorini bekor qilish va takroriy malaka imtihonini belgilash.

56. Ishchi organ tomonidan malaka imtihonini topshirmagan deb tan olingan talabgor uchun malaka imtihonini takroriy topshirilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, takroriy imtihon kuni belgilanadi.

7. Malaka sertifikatini berish, amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi

57. Malaka sertifikati O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida bir xil yuridik kuchga ega.

58. Malaka sertifikati 3 yil muddatga beriladi.

59. Oliy toifa uchun malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga malaka sertifikatlari amal qilish muddatisiz beriladi.

60. Malaka sertifikati Ishchi organ tomonidan malaka imtihoni komissiyasi bayonnomalari rasmiylashtirilganidan keyin 10 kun muddatda rasmiylashtiriladi va gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchiga yoki ishonchnoma asosida ularning vakiliga gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchilar reyestriga imzo qo‘yilgach beriladi.

61. Agar talabgor malaka sertifikatini rasmiylashtirilgan kunidan boshlab uch oy davomida uni olishga kelmasa yoki uni olishdan yozma ravishda ixtiyoriy tartibda bosh tortsa Ishchi organ malaka sertifikatining amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bunda talabgor tomonidan to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

62. Malaka sertifikati egasi, malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin, lekin 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda, sertifikatni amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Ishchi organga taqdim etadi:

a) Mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan shakldagi ariza;

b) malaka sertifikatining asl nusxasi va Ishchi organ va O‘quv markazlari tomonidan berilgan malaka oshirish kurslarida o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjatning nushasi;

v) malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirilishi uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdoridagi yig‘imni to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lovi hujjati.

63. Malaka sertifikatining amal qilish muddatining uzaytirilishi, 62-bandda ko‘rsatilgan talablarga amal qilgan va sertifikat egasi tomonidan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda umumiy asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi.

64. Malaka sertifikati egasining familiyasi, ismi, sharifi o‘zgargan taqdirda, u tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan so‘ng bir oy ichida Ishchi organga mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan malaka sertifikatining asl nusxasi bilan birga ikkita fotosurat (3 x 4 hajmdagi) va tegishli o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi.

65. Malaka sertifikatining qayta rasmiylashtirilishi gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi tomonidan ariza berilgan paytdan boshlab besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi, bunda avvalgi raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati ko‘rsatilgan malaka sertifikatining yangi blankasi beriladi, ilgari berilgan malaka sertifikat blankasi Ishchi organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

66. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

67. Yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati blanki o‘rniga, mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shaklda dublikat berish haqidagi arizaga asosan malaka sertifikati egasiga takroran berilishi mumkin.

68. Malaka sertifikatining dublikatida uning avvalgi qayd etilgan raqami va ilgari belgilangan amal qilish muddati yoziladi, yangi blankaning yuqoridagi burchagida «Dublikat» yozuvi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

69. Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati Ishchi organga qaytarilishi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinishi lozim.

70. Dublikat berishda gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchidan eng kam oylik ish haqining 25 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

8. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish va uni  bekor qilish tartibi

71. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchining arizasi;

vakolatli davlat organlari tomonidan malaka sertifikati yoki beydjikning boshqa shaxsga ekskursiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida berilganligi aniqlansa;

jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ekskursiya xizmati sifatiga nisbatan 2 tadan ortiq shikoyat Ishchi organ tomonidan asosli deb e’tirof etilsa.

72. Malaka sertifikati amal qilishining to‘xtalishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kunidan boshlab kuchga kiradi.

73. Malaka sertifikati Ishchi organ qarori bilan quyidagi hollarda bekor qilinadi:

sud tomonidan malaka sertifikati berilishi haqidagi qarorning noqonuniy deb topilganida;

sertifikatning soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganida.

74. Malaka sertifikatining bekor qilinishi haqidagi qaror mazkur qaror qabul qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi.

75. Malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat etilishi mumkin.

76. Malaka sertifikati amal qilinishining tugatilishi yoki bekor qilinishi uchun asoslar aniqlangan taqdirda, Ishchi organ tegishli qaror qabul qiladi.

77. Malaka sertifikati amal qilinishining tugatilganligi yoki bekor qilinganligi to‘g‘risidagi qaror asoslantirilgan bo‘lishi, Ishchi organ va Qo‘mita rasmiy saytlarida e’lon qilinishi lozim.

78. Ishchi organ tomonidan malaka sertifikatini amal qilishining tugatilishi yoki bekor qilinishi to‘g‘risidagi qabul qilingan qaror 5 kun ichida malaka sertifikati egasiga va sertifikat egasi faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxsga jo‘natiladi.

79. Gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchilar malaka sertifikatini amal qilishining tugatilishi yoki bekor qilinishi to‘g‘risidagi qarorni olgan kunidan boshlab, 10 kun muddat ichida Ishchi organga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinishi uchun taqdim etilishi shart.

80. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar sababli malaka sertifikatining amal qilish muddati tugatilgan yoki bekor qilingan kundan boshlab, gid, ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-kuzatuvchilarga takroran malaka sertifikatini olishlari uchun malaka imtihonlarini topshirishlariga uch yilgacha ruxsat etilmaydi.

9. Gidlar, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilar reyestrini yuritish

81. Ishchi organ bo‘lgan gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilar reyestrini yuritadi, bunda quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi:

Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchining familiyasi, ismi, sharifi  va imzosi;

pasport ma’lumotlari va yashash manzili;

gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi biladigan xorijiy tillar;

ekskursiya faoliyatini amalga oshirilayotgan hududlar (viloyatlar, shaharlar);

ish joyi yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma raqami;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tugatganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va sertifikat;

malaka sertifikati amal qilishining tugaganligi, bekor qilinganligi, qayta rasmiylashtirilganligi va dublikat berilganligi haqida ma’lumot.

82. Qo‘mita va Ishchi organ vebsaytlarida gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilar reyestridagi quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi:

gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi familiyasi, ismi, sharifi;

gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi biladigan xorijiy tillar;

ekskursiya faoliyatini amalga oshirilayotgan hududlar (viloyatlar, shaharlar)

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tugatganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va sertifikat;

malaka sertifikati raqami, berilgan sanasi;

yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma raqami (mavjud hollarda);

malaka sertifikati amal qilishining tugaganligi, bekor qilinganligi va dublikat berilganligi to‘g‘risida ma’lumot.

10-bob.Qarorlarni qayta ko‘rib chiqish

83. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarning buzilishi holatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

84. Malaka sertifikatining berilishi, amal qilish muddatining tugatilishi va bekor qilinishi masalalari bo‘yicha Qo‘mita qarori, manfaatdor shaxslar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda qayta ko‘rilishi mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori Gid ekskursiya

Baholaganlar

11

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing