Eron va Ukraina ustunligining kaliti nima?
Musiqa
−
20:17 3141 7 daqiqa
Ayni paytda dunyoda davom etayotgan Rossiya–Ukraina urushi hamda boshlanganiga bir oydan oshgan AQSH, Isroil–Eron o‘rtasidagi mojarolar zamonaviy jang usullarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, dronlar urushning markaziy vositasiga aylanib bormoqda. Mazkur fenomenni tahlil qilgan Texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha katta ilmiy xodim Maykl S.Horovits o‘z maqolasida dronlar urush xarakterini tubdan o‘zgartirayotganligini ta’kidlaydi.
Avval Ukraina, endi Eron
Muallif dronlarning jang maydonidagi roli keskin kengayganini alohida urg‘ular ekan, dronlar bugun artilleriya, qanotli raketa yoki torpeda vazifasini ham, razvedka samolyoti yoki bombardimonchi rolini ham bajara olishini ta’kidlaydi. Horovitsga ko‘ra, bu qurilmalar AQSH foydalanayotgan qimmatbaho qiruvchi samolyotlar yoki suvosti kemalariga nisbatan kamroq imkoniyatga ega bo‘lsa-da, ularning arzonligi va tez ko‘paytirish imkoniyati jang taqdirini hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Yaqin Sharqdagi vaziyat esa bu tendensiyani yanada keskinlashtirdi. Eron o‘zining arzon ballistik raketalari va ayniqsa “Shahed-136” dronlariga tayanib, yangi urush modelini amalda sinovdan o‘tkazmoqda.

“Shahed-136” kruiz raketa yoki ballistik raketaga qaraganda ancha arzon, har biri 20 mingdan 50 ming AQSH dollarigacha turadi, 2000 kilometrgacha masofaga ucha oladi va aniq yo‘naltirishga ega, agar urib tushirilmasa, mo‘ljallagan ob’ektini yo‘q qiladi”, deya yozadi muallif.
Uning fikricha, Rossiyaning Ukrainada ushbu dronlardan keng foydalanishi Eron uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilgan va ular radioelektron kurashga chidamli tizimlar bilan yanada takomillashtirilgan bo‘lishi mumkin.
So‘nggi oylar ichida Eron minglab bir martalik hujum dronlarini Isroil, AQSH bazalari va mintaqadagi boshqa davlatlarga qarshi qo‘lladi. Bu zarbalar katta talofat va beqarorlik keltirib chiqardi. Hatto, bir dron hujumi natijasida AQSHning olti nafar harbiysi halok bo‘lgani qayd etilgan.
“Eron dronlarining aksariyati urib tushirilgan bo‘lsa-da, ulardan doimiy foydalanish Qo‘shma Shtatlar va mintaqadagi boshqa mamlakatlarning resurslarini muvaffaqiyatli ravishda kamaytirdi va AQSH radar tizmlari kabi muhim mudofaa imkoniyatlarini yo‘q qildi”, deydi Horovits.
Ukraina tajribasi shuni ko‘rsatadiki, dronlar 80 foizgacha yo‘q qilinishi mumkin. Ammo muammo shundaki, qolgan 20 foizning o‘zi ham katta zarar yetkazadi. Muallif bu holat Eron strategiyasining markaziy elementi ekanligini hamda arzon va ko‘p sonli zarbalar orqali Eron AQSH va uning hamkorlarini mudofaa resurslarini tezda tugatishga majbur qilayotganini aytadi.
Biroq, asosiy muammo iqtisodiy nomutanosiblikda. Himoya tizimlari hujum vositalariga nisbatan bir necha barobar qimmat turadi. Masalan, Patriot tizimi raketalari taxminan 4 million AQSH dollari, ular urib tushirayotgan dron esa o‘rtacha 35 ming AQSH dollari turadi. Hatto, nisbatan arzon tizimlar ham 125 ming AQSH dollari sarf talab qiladi. Bu esa mudofaa tomonini moliyaviy jihatdan noqulay holatga solmoqda.
Yana bir muammo – tutib qoluvchi snaryadlar zaxirasining cheklanganligi. Urush boshlanganidan ikki kun o‘tmay, ommaviy axborot vositalari AQSH va uning tarafdorlarida mudofaa raketalarining kamayib borayotganini xabar qilgan. Birlashgan Arab Amirliklari qisqa vaqt ichida yuzlab raketa va yuzlab dronlar hujumiga uchraganini ma’lum qilgan.
Qizig‘i shundaki, AQSH hatto, Ukrainadan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan. Vladimir Zelenskiy: “Uch kun ichida Yaqin Sharqda ishlatilgan Patriot raketalari soni Ukrainada 2022 yildan beri ishlatilganidan ko‘p bo‘ldi”, deya ta’kidlagan. Bu esa yangi davr urushlarida resurslar uchun global raqobat kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Dronlar haqida tasavvur
Zamonaviy urushlar haqida gap ketganda, “dron” atamasining haddan tashqari umumiy qo‘llanilishi muammoni chuqurroq anglashga to‘sqinlik qilayotgani tobora yaqqol namoyon bo‘lib bormoqda. Horovits ta’kidlashicha, bunday umumlashtirish ularning jang maydonidagi real rolini baholashni murakkablashtiradi.

Darhaqiqat, zamonaviy dronlar bir xil emas. Ular orasida taktik razvedka qurilmalari, Turkiyaning “TB2 Bayraktar” kabi yuqori va o‘rta balandlikda uzoq muddat uchuvchi tizimlar – “MALE” (Medium-Altitude Long-Endurance) va “HALE” (High Altitude Long Endurance) dronlari, Eronning “Shahed-136” va Rossiyaning “Geran-2” uchuvchisiz apparatlari singari bir martalik zarba beruvchi “OWA” (one-way attack) dronlar, Ukrainaning “Vampire” dronlariga o‘xshash qisqa masofali “FPV” (first-person-view) dronlar hamda hatto, an’anaviy urushlar uchun mo‘ljallangan yuqori texnologiyali hamkor jangovar samolyotlar mavjud.
Muallifga ko‘ra, masalaga yangicha yondashuv zarur. Ya’ni, bu tizimlarni “dron” deb atash o‘rniga, ularning harbiy funksiyasi va yo‘q qilish qanchalik oson ekaniga qarab tasniflash maqsadga muvofiq.
“Bir dona qurilmaning narxi, uni qayta ishlab chiqarish imkoniyati va vazifaning markaziyligi hisobga olinganda, dronlar arzon va tez almashtiriladigan tizimlardan tortib, juda qimmat va yo‘qotilishi og‘ir oqibatlarga olib keladigan platformalargacha bo‘lgan spektrni tashkil etadi”, deydi u.
Masalan, “MALE” va “HALE” turidagi dronlar ko‘pincha razvedka samolyotlari yoki vertolyotlar o‘rnini bosadi. Ular asosan murakkab havo mudofaasiga ega bo‘lmagan hududlarda qo‘llanadi. Biroq, ular boshqa dronlar singari arzon emas. Bunday uchuvchisiz moslamalar millionlab dollar turadi va ularni yo‘qotish qiruvchi samolyot yoki hujum vertolyotini yo‘qotishdan arzonroq bo‘lsa-da, ular bir martalik emasligini ham unutmaslik kerak.

Boshqa tomondan, “OWA” – bir martalik hujum dronlari butunlay boshqa kategoriya hisoblanadi. Ular ko‘proq qanotli raketalar yoki artilleriya tizimlariga o‘xshash funksiyani bajaradi. Rossiya va Ukraina urushida keng qo‘llanilayotgan bu dronlar murakkab himoya tizimlariga ega emas va ko‘pincha past balandlikda yoki katta miqdorda uchirilganda samarali bo‘ladi.
“Ularning asosiy vazifasi – raqib mudofaasini charchatish va keyingi zarbalar uchun yo‘l ochish. Rossiya bu yondashuvdan o‘zining gipertovushli raketalariga yo‘l ochish uchun foydalangan”, deydi muallif.
Yana bir muhim toifa – taktik razvedka dronlari. Ular asosan qisqa masofada kuzatuv va ma’lumot to‘plash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, oddiy va tez ishlatilishi bilan ajralib turadi. Bu vazifani ilgari otliq qo‘shinlar yoki havodan kuzatuvchi samolyotlar bajargan, hozir esa bu funksiya arzon va kichik qurilmalar orqali amalga oshirmoqda.
Eng yuqori darajadagi texnologiyalar esa hamkor jangovar samolyotlarda mujassam. Ular an’anaviy dronlardan farqli o‘laroq, ilg‘or qiruvchi samolyotlar bilan birga harakat qiladi va razvedka, erta ogohlantirish, radioelektron kurash hamda moslashuvchan zarba berish kabi murakkab vazifalarni bajaradi.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy urushlarda “dron” tushunchasi ortida turli xil strategik va taktik vositalar yashiringan. Ularni to‘g‘ri tasniflash va har birining o‘rnini anglash esa yangi davr harbiy mojarolarini tushunishning kalitiga aylanmoqda.
Jangning yangi davri
Zamonaviy harbiy mojarolar yangi bosqichga o‘tayotgani, ayniqsa “aniq va ommaviy zarba” (precise mass) konsepsiyasining keng yoyilishi bilan izohlanmoqda. Maykl Horovits bu jarayonni yangi davr urushlarining asosiy belgisi sifatida ko‘rsatadi. Uchuvchisiz qurilmalarning jang maydonlarida qo‘llanilayotgani ularni ishlab chiqarish qulayligi, uchuvchisiz sun’iy intellekt orqali boshqarilishi va aniq yo‘naltirish imkoniyati bilan bog‘liq. Olimning ta’kidlashicha, bu jihat zamonaviy qurollanish poygasini tubdan o‘zgartirmoqda.
Muallif fikricha, Eron, Rossiya va Ukraina tajribasi buni amalda isbotladi. 2022 yildan buyon ushbu davlatlar yiliga o‘n minglab, hatto millionlab dronlar ishlab chiqara boshladi.
“Bu davlatlar zamonaviy urushda ustunlik faqat texnologik mukammallik bilan emas, balki ishlab chiqarish hajmi va tezligi bilan ham belgilanishini ko‘rsatdi”, deya qayd etadi Horovits.
Shu nuqtada AQSH uchun ham dronlar tizimi yanada muhim bo‘lib bormoqda. Masalan, “LUCAS” droni “Shahed-136” ga o‘xshash tizim sifatida qisqa vaqt ichida keng ko‘lamda ishlab chiqarilishi mumkin. Biroq, hozircha uning real ishlab chiqarish quvvati noaniq. Hozircha esa AQSH mudofaa byudjetining atigi 0,5 foizidan kamrog‘i ushbu yo‘nalishga ajratilayotgani bu borada hali katta o‘sish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi.

“Eronga hujum operatsiyalari davom etar ekan, AQSH va uning ittifoqchilari nafaqat mudofaa, balki hujum qurollari bo‘yicha ham cheklovlarga duch keladi. Eronning ballistik raketa uchirish moslamalari muntazam ravishda yo‘q qilinayotganligi sababli, Islom Respublikasi mintaqaviy havo mudofaasiga bosim o‘tkazishda davom etish uchun “Shahed-136” kabi uzoq masofali, bir tomonlama hujum dronlariga ko‘proq tayanishi mumkin”, deydi muallif.
Bu esa yana bir muhim xulosaga olib keladi. “Precise mass” texnologiyalari xuddi Ukrainada bo‘lgani kabi, Eron kabi nisbatan zaif davlatlarga yangi imkoniyatlar yaratadi. Biroq olim bu jarayon faqat kichik davlatlar bilan cheklanib qolmasligini, balki yetarli investitsiya qilinsa, yirik davlatlar uchun ham hal qiluvchi omilga aylanishini ta’kidlaydi.
Xulosa qilib aytganda, texnologik taraqqiyot va iqtisodiy samaradorlik kesishgan nuqtada “aniq va ommaviy zarba” tushunchasi zamonaviy urushlarning ajralmas qismiga aylanmoqda. Horovits aytganidek, kelajakda dronlar xuddi pulemyot yoki tanklar kabi harbiy mojarolarning doimiy elementi bo‘lib qoladi. Shu bois, har bir davlat bu tendensiyani jiddiy qabul qilishi zarur. Zero, xavfsizlik bugungi zamonning eng qimmatli boyligidir.
Live
Barchasi