AQSH nega Ukrainani Isroil kabi himoya qila olmasligini tushuntirdi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti nega Vashington Ukrainani Isroil kabi himoya qila olmasligini tushuntirdi. Bu haqda departament vakili Metyu Miller bayonot berdi.
 
Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimi himoyasiga ololmaydi, chunki u Rossiya bilan qurolli to‘qnashuv holatida emas va buning sodir bo‘lishini istamaydi.

"Biz Uchinchi jahon urushini xohlamaymiz", deydi Miller.

Avvalroq Ukraina rasmiylari, jumladan, Prezident Vladimir Zelenskiy nega Qo‘shma Shtatlar Isroilga Eron hujumini to‘xtatishda yordam bera oladiyu, lekin Ukraina uchun ham shunday qila olmaydi, degan savolni o‘rtaga tashlagan edi.

"Biz Ukraina osmonida AQSH samolyotlari Rossiya hujumlariga qarshi turishi talab qilinadigan Rossiya bilan qurolli to‘qnashuvda emasmiz va biz Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli mojaroga kirishmoqchi ham emasmiz. Qo‘shma Shtatlar Prezidenti buni juda aniq aytdi. O‘ylaymanki, bizning AQSH va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvga kirishmasligimiz Amerika xalqining manfaatlariga mos keladi, chunki biz Uchinchi jahon urushini xohlamaymiz”, deydi Miller.

Shunga qaramay, Miller Qo‘shma Shtatlar Ukraina mudofaasiga to‘liq sodiq qolishini urg‘uladi.

“Biz buni oxirgi ikki yil davomida isbotladik. Prezident buni Amerika qo‘llab-quvvatlovi bilan isbotladi. Agar siz yana nima qilish mumkinligini so‘rasangiz, bu savolni AQSH Kongressiga berish kerak, chunki bizda Ukrainani ko‘proq jihozlar, shu jumladan havo mudofaasi tizimlari bilan ta’minlashga imkon beradigan qo‘shimcha moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi mavjud. Umid qilamizki, bu qonun loyihasi qabul qilinadi”, deya qo‘shimcha qildi Miller.

Davlat departamenti vakilining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar "Ukraina va Isroil bilan mutlaqo boshqacha munosabatlarga ega".

“Bizning Isroil bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorligimiz o‘nlab yillarga borib taqaladi. Biz ularga nafaqat ikki yillik mojaro uchun, balki o‘nlab yillar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatamiz hamda armiyamiz va Isroil harbiylari o‘rtasida o‘nlab yillar davom etadigan uzoq va keng aloqalarni saqlab turamiz”, deydi Miller.

Uning eslatishicha, Isroil AQSHning NATO a’zosi bo‘lmagan muhim ittifoqchisi hisoblanadi.

"Ukraina boshqa holatda, chunki biz bu mojarodan bir necha oy oldin ular bilan bunday kelishuvga ega bo‘lmaganmiz", deb tushuntirdi Miller.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni AQSH Kongressining quyi palatasi Ukrainaga qariyb 61 milliard dollar ajratish haqidagi qonun loyihasini qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing