Germaniyaga amaliyot o‘tashga ketgan o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Olam

image

Germaniya Federativ Respublikasiga amaliyot o‘tash uchun ketgan O‘zbekiston fuqarosi balandlikdan yiqilib, halok bo‘ldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekistonning GFRdagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra o‘tgan yilning 31 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. Konsullik bo‘limiga murojaat qilib, jiyani R.X.ning baxtsiz voqea oqibatida fojiali halok bo‘lganini bildirgan.

O‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab R.X. Germaniyadagi “PRAXX” jamiyatining malaka oshirish dasturi doirasida Kil shahri yaqinidagi fermer xo‘jaliklaridan birida shartnoma asosida amaliyot o‘tayotgan edi. 27 dekabr kuni u balandlikdan qulab tushib, vafot etgan. Mahalliy politsiya tekshiruv o‘tkazib, baxtsiz hodisa yuz berganini tasdiqladi.

Elchixonaning Konsullik bo‘limi qarindoshlar va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda R.X.ning jasadini Vatanga jo‘natishga oid konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etib, Germaniya (Berlin, Brandenburg, Bremen, Quyi Saksoniya, Gamburg, Meklenburg-Old Pomeraniya, Saksoniya, Saksoniya-Anhalt, Shlezvig-Holshtayn, Turingiya), Shvetsiya, Shveysariya va Chexiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Berlin shahridagi elchixonasiga +49-30-39-40-98-55, +49-30-39-40-98-30 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya o'zbekistonlik

Baholaganlar

252

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing