Germaniyadagi toshqin transport sohasiga qancha zarar yetkazgani aytildi
Olam
−
21 iyul 2021
5275Germaniya Transport vazirligining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqinda sodir bo‘lgan toshqin natijasida mamlakatda transport sohasiga yetkazilgan zarar taxminan 2 milliard yevroni tashkil qilishi mumkin. Bu haqda “Bild” xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda temir yo‘l tarmog‘iga yetkazilgan zarar 1,3 milliard yevroni tashkil etadi. Qayd etilishicha, trafikni tezroq tiklashga yordam berish uchun federal hukumat zarar ko‘rgan hududlarda 300 ta vaqtinchalik ko‘prik qurilishi uchun pul to‘lashi mumkin. Ko‘priklarning yana bir qismini esa Deutsche Bahn temir yo‘l operatori qurishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtoyo‘llarga yetkazilgan zarar bir necha yuz million yevroga baholanmoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 21 iyul kuni Germaniya hukumati toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun favqulodda moliyaviy yordam ko‘rsatish mexanizmini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bunda gap 400 million yevro haqida ketmoqda. Ushbu mablag‘ binolar va kommunal infratuzilmaning jiddiy zararini qoplash uchun sarflanadi, shuningdek, muhtojlarga yordam berish uchun sarflanishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, G‘arbiy Yevropada so‘nggi 20 yil ichidagi eng katta toshqin sodir bo‘ldi. Germaniyadan tashqari, Belgiya va Niderlandiya ham zarar ko‘rdi. Kuchli yomg‘irlar Avstriya, Shveysariya, Fransiya va Buyuk Britaniyani qamrab oldi.
Germaniyada toshqin 160 dan ortiq odamni hayotdan olib ketdi.
LiveBarchasi