Germaniyadagi fojiaga aniqlik kiritildi
Olam
−
22 dekabr
7918Germaniyaning Saksoniya-Angalt federal yeri poytaxti Magdeburgdagi hujum bo‘yicha dastlabki tergov natijalariga aniqlik kiritildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi Germaniyadagi saudiyalik qochqinlarga aholi va hokimiyatning munosabatidan doimiy ravishda norozi bo‘lib kelgan.
Bundan tashqari, jurnalistlar hujumga bir hafta qolganida gumonlanuvchi Amerikadagi blogga bergan intervyusida Germaniya hukumati butun dunyo bo‘ylab islom dinidan voz kechgan saudiyaliklarni yo‘q qilish uchun yashirincha maxfiy amaliyot o‘tkazayotgani haqida gapirgan.
Qolaversa, voqea oqibatida 45, 52, 67 va 75 yoshli to‘rt ayol va 9 yoshli bola halok bo‘lgani aytilgan.
“Sudya qotillik, suiqasd qilish va xavfli tan jarohati yetkazish aybi bilan tergovga qadar qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu fojianing asosiy gumonlanuvchisi 50 yoshli saudiyalik Tolib al-Abdulmuhsin sanalishi va u 2006 yilda Germaniyaga ko‘chib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Haftalik chop etiladigan “Der Spiegel” nashri 50 yoshli gumonlanuvchi Tolib al-Abdulmuhsin psixiatr va psixoterapevt ekanini yozgan. U mamlakatga dastlab malaka oshirish uchun tashrif buyurgan. Shifokor vaqt o‘tib mamlakatda qo‘nim topgan.
LiveBarchasi