Germaniyada Volkswagen xodimlari ish tashladi
Olam
−
16:36
1147Germaniyaning IG Metall kasaba uyushmasi Volkswagen avtomobilsozlik kompaniyasi rahbariyati ish haqini kamaytirish, ommaviy qisqartirish va bir qator zavodlarni yopish rejalarini e’lon qilgandan so‘ng, kasaba uyushmalari Germaniyadagi VW zavodlarida ishlashni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Bugun, 2 dekabr kuni Germaniyaning IG Metall kasaba uyushmasi Volkswagen avtomobilsozlik konsernining o‘nta zavodidan to‘qqiztasida xodimlar ish tashlay boshlagan.
“Bu harakat VW va tarif muzokaralaridan so‘ng Germaniyadagi bir nechta zavodlarni yopish niyatida ekanligining mantiqiy natijasi bo‘ldi”, degan IG Metall muzokarachilar guruhi rahbari Torsten Greger.
Ma’lum qilinishicha, 1 dekabr oqshomida ishchilar va Volkswagen rahbariyati o‘rtasida mehnat nizolarini tinch yo‘l bilan hal qilishga majbur bo‘lgan kelishuvga erishilmagan.
“Biz muzokaralar stolida murosaga kelishga tayyor ekanligimizni ko‘rsatdik, ammo cho‘zilgan qo‘limiz rad etildi”, dedi kasaba uyushmasi vakili.
Torsten Gregerning ta’kidlashicha, agar ish beruvchilar yon bermasa, tashkilot o‘z tarixidagi eng keskin mojarolardan biriga duch kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Germaniyada minglab ishchilar maoshini oshirishni talab qilib, butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashni boshlagandi. To‘rt millionga yaqin elektrotexnika va metallurgiya sanoati ishchilari kasaba uyushmalarining ish tashlashlari Porsche, BMW, Mercedes va boshqa yirik kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatgandi.
Muhammad Hodiyev