Germaniyada urush borasidagi bahsdan so‘ng ukrainalik o‘ldirildi. O‘zbekistonlik esa qo‘lga olindi
Olam
−
12 noyabr
10699Germaniyaning janubiy qismidagi Baden-Vyurtemberg yerida Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumi tufayli yuzaga kelgan mojaroda ukrainalik yuk mashina haydovchisi halok bo‘ldi. Bu haqda “Bild” gazetasi xabar berdi.
Gazeta xabariga ko‘ra, hodisa 9 noyabr kuni Oberrot qishlog‘i yaqinidagi yuk mashinalari to‘xtash joyida sodir bo‘lgan. To‘rt nafar haydovchi kechqurun u yerda spirtli ichimlik ichgan. Ruminiyalik 38 yoshli haydovchi Ionutga ko‘ra, u hamkasblaridan musiqani o‘chirishni so‘ragan, ammo ular quloq solmasdan, baland ovoz bilan kulish va bahslashishda davom etgan. Muhokama mavzusi Ukrainadagi urush va Rossiyaning undagi roli borasida bo‘lgan.
Soat 20:00 dan keyin mojaro keskinlashib, mushtlashuvga aylanib ketgan. Oqibatda to‘rt erkak ishtirokidagi mojaroning eng yosh ishtirokchisi – 34 yoshli ukrainalik o‘ldirilgan.
35, 41 va 45 yoshli yana uch nafar haydovchi hibsga olingan. Nashrda yozilishicha, ulardan biri O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Hozirda huquq-tartibot organlari ukrainalikni kim o‘ldirganini aniqlamoqda.
Ma’lumot uchun, bu Germaniyada halok bo‘layotgan birinchi ukrainalik emas. 2024 yilning bahorida Bavariyaning Murnau shahrida ikki Ukraina fuqarosini o‘ldirishda gumon qilingan rossiyalik qo‘lga olingan edi. Ukraina Qurolli kuchlari askarlari davolanish uchun Germaniyaning Garmish-Partenkirxen hududida yashagan. Savdo markazi hududidan pichoq jarohatlari bilan ularning jasadlari topilgan. 36 yoshli erkak olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. 23 yoshli ikkinchi jabrlanuvchi keyinchalik shifoxonada vafot etgandi.
Qotillikda gumon qilinuvchi 57 yoshli Rossiya fuqarosi jinoyat sodir etilgan joyga yaqin joyda yashagan. U hibsga olingan va oktyabr oyida qotillikda ayblangan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik ukrainaliklarga harbiy amaliyotlar zonasida nimalar bo‘layotgani bo‘yicha kelishmovchilikdan keyin hujum qilgan.
Shuningdek, mart oyida Germaniyada ukrainalik qochqin Margarita Raza o‘ldirilgandi. Uning endigina besh haftalik bo‘lgan yangi tug‘ilgan qizi va 51 yoshli onasi bedarak yo‘qolgandi. Keyinchalik bola topilib, ikki gumonlanuvchi – 44 yoshli germaniyalik va 43 yoshli rossiyalik ayol qo‘lga olingandi. Ular ukrainalik ayolni o‘ldirishni uzoq vaqt rejalashtirgan. Motiv sabablari noma’lum.
Bundan tashqari, Germaniyadagi qochqinlarni joylashtirish markazida 46 yoshli ukrainalik vafot etgandi. Og‘ir tan jarohati olgan erkakni xavfsizlik xizmati xodimi yotoqxonadan topib, tez tibbiy yordam chaqirgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning “Hromadske” nashri jurnalisti, “Ukrainskaya pravda” gazetasining mustaqil yozuvchisi 27 yoshli jurnalist Viktoriya Roshina Rossiyada hibsxonada vafot etgandi.
LiveBarchasi