Germaniyada suriyalik erkak umrbod qamaldi

Olam

image

Germaniyaning Shtutgart shahri sudi 33 yoshli suriyalik erkakni Suriya fuqarolar urushi chog‘ida insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topdi hamda sud uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2011 yildan boshlab Suriyaning janubidagi Bosra shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarida faol bo‘lgan, U “Hizbulloh” harakati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan shia qurolli guruhining yetakchisi bo‘lgan. Guruhning asosiy maqsadi – shahar aholisining sunniy qismini qo‘rqitish va ularni hududdan siqib chiqarish bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yilda bu guruh uch nafar odamni avtomat bilan yaralab, sobiq prezident Bashar Asadning harbiy razvedkasiga topshirgan. Qamoqda ular qiynoqqa solingan.

2014 yilda esa ayblanuvchining guruhiga tegishli qurolli shaxslar 40 yoshli bir fuqaroning uyiga bostirib kirib, oilani ko‘chaga haydab chiqargan, uy egasini esa noma’lum tomonga olib ketgan.

Ayblanuvchining ismi oshkor qilinmagan. Sud jarayoni davomida ko‘plab guvohlar tinglangan. Jarayon Germaniyada Asad rejimining jinoyatlariga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortish harakatlari doirasida o‘tkazilgan.

Shunday qilib, 2024 yilning oktyabrida boshlangan jarayonda 42 sud majlisi bo‘lib o‘tgan, 30 dan ortiq guvohlar, asosan suriyaliklar, turli davlatlardan borib, ko‘rsatma bergan.

Asadning ag‘darilishi

2024 yilning noyabr oyi oxirida “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Hama va Homs viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Sobiq prezident Bashar Asad esa oilasi bilan mamlakatdan qochib ketdi va Rossiyadan boshpana oldi. Mamlakatga yangi hokimiyat o‘rnashgach, Rossiyadan bir necha marta sobiq prezidentni topshirishni so‘radi, ammo Rossiya hukumati bu so‘rovlarni rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad boshqaruvi davrida mamlakat maxsus xizmatlari taxminan 8 million fuqaro – ya’ni aholining uchdan bir qismini kuzatgan yoki qidirgani haqida xabar berilgandi. Bu odamlar, asosan, siyosiy sabablarga ko‘ra maxsus xizmatlar diqqat markaziga tushgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Shtutgart umrbod qamoq jazosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing