Germaniyada shifokor 15 nafar bemorni o‘ldirishda gumonlanmoqda

Olam

image

Germaniyada palliativ yordam ko‘rsatuvchi shifokor kamida 15 kishining o‘ldirilishida gumon qilinmoqda, yana 75 holat yuzasidan tergov olib borilmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu Germaniya sog‘liqni saqlash tizimidagi eng yirik suiqasd seriyalaridan biri bo‘lishi mumkin. Allaqachon hibsga olingan shifokor Berlinda kamida 15 kishining hayotiga qasd qilganlikda gumon qilinmoqda. Berlin prokuraturasi 40 yoshli shifokorga rasman qotillik ayblovini qo‘ygan. Tergov davomida yana 75 epizod bo‘yicha tekshiruvlar olib borilmoqda.

“Jinoyat ishidagi ma’lumotlarga ko‘ra, shifokor Berlinda bemorlarni parvarish qilish xizmatida ishlagan va shu yerda jinoyatlarni sodir etgan. Palliativ shifokorlar asosan davolab bo‘lmaydigan kasallarga chalingan bemorlarning azobini yengillashtirish bilan shug‘ullanadi. Ayblov 2021 yil 22 sentyabrdan 2024 yil 24 iyulgacha bo‘lgan davrda sodir etilgan 15 holatni o‘z ichiga oladi”, deyiladi xabarda.

Tergovchilarning fikricha, gumonlanuvchi hech qanday tibbiy asos va bemorlarning xabardorligi yoki roziligisiz 12 ayol va 3 erkakning turli dorilariga o‘limga olib keluvchi aralashmani qo‘shgan. Qurbonlarning eng yoshi 25 da, eng keksasi esa 94 yoshda bo‘lgan.

Prokuratura gumonlanuvchi shifokorga umrbod tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Politsiya versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchi faqat o‘z bemorlarini nishonga olgan, tasodifiy odamlarga tajovuz qilmagan. Ayni paytda 75 ta holat bo‘yicha tergov davom etmoqda, yaqin kunlarda yana beshta jasad eksgumatsiya qilinadi. Hozirga qadar jami 12 jasad eksgumatsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yilda vafot etgan “Dunyo bo‘ylab” telekanalining marhum 31 yoshli boshlovchisi Ramina Yagafarovaning o‘limi ortidan u jon bergan xususiy klinikaning ikki shifokori jinoiy jazoga tortilgan edi. Sud hukmi bilan shifokorlar – O‘.K. va A.K. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya qotillik Berlin shifokor suiqasd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing