Germaniyada masjidga hujum qilindi. 50 ta Qur’oni Karim yirtib tashlangan
Olam
−
10 iyun 2019
19303O‘tgan hafta oxirida Germaniyadagi ikkita masjidga hujum uyushtirildi. Bremen shahridagi Rahmon masjidida 50 ta Qur’oni Karim yirtib tashlangan va hojatxonaga tashlab ketilgan. Kassel shahrida esa masjid oynalariga tosh otilgan. Toshlar namozgohgacha yetib kirgan. OAVning dastlabki ma’lumotlariga qaraganda, hujum noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.
Kassel Markaziy masjidlar jamiyati boshlig‘i Sayfiddin Eryo‘rukning aytishicha, bosqinchilar masjid oynalariga tosh otib, sindirgan vaqtida ichkarida namozxonlar bo‘lmagan. Eryo‘ruk mazkur holat bo‘yicha shikoyat qilganini ma’lum qilib, aybdor tez fursatdan topilishi kerakligini talab qilmoqda.
Kassel shahar huquq-tartibot organlari mazkur holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan.
Turk matbuotining qayd etishicha, o‘tgan yili ham ushbu masjidga “Kurdiston ishchi partiyasi” terrorchilik guruhi tomonidan hujum uyushtirilgan.
Bremendagi masjid esa asosan Afg‘oniston va Pokiston musulmonlari to‘planadigan namozgoh sanaladi. Unda 50 ga yaqin Qur’oni Karimning yirtib tashlanishini Xristian demokratik birlik partiyasining Bremen shahri deputati doktor O‘g‘uzxon Yazichi shunday izohlagan:
“O‘tgan hafta yosh musulmon yigitning pichoqlab ketilishi bilan bog‘liq xabar tarqalgandi. Endi esa Qur’oni Karim tahqirlanganini eshitib turibmiz. Bremenlik musulmonlar juda asabiy holatda. Bundan chiqdi sinagoglar kabi masjidlar ham davlat tomonidan muhofazaga olinishi kerak”.
LiveBarchasi