Germaniyada deputat chaqalog‘i bilan parlamentda nutq so‘zladi (video)
Olam
−
27 Sentabr 5256 2 daqiqa
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Germaniya parlamentining quyi palatasi – Bundestag minbarida deputat Anna Shtaynmyuller chaqalog‘i bilan birga nutq so‘zladi. Ushbu nutq videosini u o‘zining Instagram sahifasiga joyladi.
Shtaynmyuller Germaniya Bundestagida minbarga chaqalog‘i bilan chiqib, nutq so‘zlagan birinchi deputat bo‘lgan. U 2024 yilning dekabr oyida tug‘ilgan o‘g‘lini ko‘krakda olib yuriladigan maxsus sumkada ko‘tarib chiqqan.
“Bu rejalashtirilmagan edi. Men o‘g‘limni u uxlab yotgani uchun oldim. Agar hozir uni biror hamkasbimga bersam, uyg‘onib ketardi. Men esa buni xohlamadim”, deydi deputat.
Bundestag prezidenti Yuliya Klyokner esa deputatlar bolalarni emizikli davrida umumiy majlis zaliga olib kirishi mumkinligini aytgan.
“Ma’lum sharoitlarda go‘daklarning majlis zalida bo‘lishi maqbul deb hisoblayman”, deydi u.
Shtaynmyullerning nutqidan so‘ng uning “Yashillar” fraksiyasi ham munosabat bildirgan.
“Nutq so‘zlaymiz – shunda “qora-qizillar” (deputatlar) uyg‘onsin, bola esa uxlab yotsin. Bizningcha, hukumat har kuni ish va bola tarbiyasi o‘rtasidagi murakkab muvozanatni saqlashga majbur bo‘layotgan millionlab insonlar haqida ko‘proq gapirishi kerak. Shuning uchun siyosiy qarorlar faqatgina parvarishlash mas’uliyati bo‘lmagan odamlarga qoldirilmasligi kerak”, deyiladi fraksiya munosabatida.
Shtaynmyuller o‘z nutqida nogironlar va qariyalar uchun qulay yashash sharoitlari tashkil qilish, talabalar va kasb-hunar o‘quvchilari uchun uy-joy masalasi hamda doimiy ravishda arzon uy-joy ta’minoti mavzularida gapirgan.
“Germaniya aholisi qarib bormoqda, odamlar imkon qadar o‘z uylarida qolishni xohlaydi. Shu bois uylarda moslashtirish (masalan, vanna o‘rniga dush qo‘yish, zinaga lift o‘rnatish) dasturlari juda muhim. Biroq avvalgi dastur hukumat tomonidan to‘xtatildi. Oqibatda odamlar kutilgan yordamni ololmayapti”, deydi u.