Germaniyada bunkerlar tizimini yaratish rejalashtirilmoqda
Olam
−
11:28
1343Germaniyaning aholi himoyasi va favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish bo‘yicha federal idorasi (BKK) mamlakat hududida bunkerlar tarmog‘ini yaratish rejalarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus xalqaro tahdidlarning kuchaygani sabab amalga oshirilmoqda. Hozirda BKK qaysi jamoat binolarini bunday boshpana sifatida jihozlash mumkinligini o‘rganmoqda. Ular orasida boshqaruv binolari va metro stansiyalari ham bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, mobil ilova ishlab chiqish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ilova fuqarolarga eng yaqin bunker masofasini ko‘rsatadi. Shuningdek, BKK Germaniya aholisi o‘z uylarining garajlari va yerto‘lasida boshpana yaratishni rag‘batlantirishni ham ko‘zlamoqda.
Nashrga ko‘ra, 2024 yilning mart oyida Germaniya shaharlar va jamoalar uyushmasi rahbari Andre Bergxegger federal hokimiyatni urush ehtimoli tufayli Germaniyaning tinch aholisi xavfsizligini ta’minlash maqsadida milliardlab mablag‘ sarflashga chaqirgan edi. U xavfsizlik endi tabiiy holat deb hisoblanmasligini ta’kidlagan va faqatgina armiyani mudofaa qobiliyatiga ega qilish masalasini emas, balki fuqarolarni ham urush xavfidan himoya qilish zarurligini aytgan.
Bergxegger, shuningdek, mamlakatda boshpana sonini ko‘paytirish zarurligini ta’kidlagan. Xususan, hozirda Sovuq urush davridagi 2000 ta jamoat boshpanasidan faqat 600 tasi qolgan bo‘lib, ularning jami sig‘imi taxminan 500 ming kishiga mo‘ljallangan. U eski boshpanalarni yana ishga tushirish zarurligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mamlakatning yirik kompaniyalari vakillari bilan tushuntirish ishlari olib borayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi