Germaniya va Fransiya Trampni Grenlandiya bo‘yicha ogohlantirdi
Olam
−
08 yanvar
12751Germaniya va Fransiya bugun, 8 yanvar kuni AQSHning saylangan prezidenti Grenlandiyani harbiy yo‘l bilan bosib olish imkoniyatini istisno qilmaganidan keyin Donald Trampni “suveren chegaralar”ga tahdidlardan ogohlantirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning aytishicha, chegaralar daxlsizligi tamoyili sharqda yoki g‘arbda joylashganidan qat’i nazar, har bir davlatga tegishli. Bu tamoyil kichik davlatmi yoki juda qudratli bo‘lishidan qat’i nazar har bir davlat tomonidan hurmat qilinishi kerak.
Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt ham chegaralarni kuch bilan o‘zgartirmaslik kerak degan qat’iy tamoyilni eslatdi. Xebeshtrayt Berlin Trampga nisbatan tahdidlarni jiddiy qabul qiladimi?, degan savolga javob bermagan.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro “France Inter” radiosiga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqi kim bo‘lishidan qat’i nazar, boshqa davlatlarga o‘z suveren chegaralariga hujum qilishga ruxsat bera olmasligini aytgan.
“Agar siz mendan AQSH Grenlandiyani bosib oladimi? deb so‘rasangiz, javob yo‘q bo‘ladi. Biz uyg‘onishimiz va o‘zimizni harbiy jihatdan kuchaytirishimiz kerak”, degan Barro.
U, shuningdek, AQSHni “tabiatan imperialistik emas” deb atadi. Biroq Fransiya hukumati matbuot kotibi Sofi Primas Trampning izohlari “imperializm shaklini” ko‘rsatishini aytgan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Grenlandiyani “Yevropa hududi” deb atadi. AFP ta’kidlaganidek, Daniya Birlashgan Qirolligi tarkibiga kirgan Grenlandiya 1985 yilda muxtoriyat bo‘lgach, Yevropa Ittifoqini tark etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Panama va Daniya AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Panama kanali va Grenlandiya ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olish taklifini yana rad etgandi. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Qo‘shma Shtatlar Daniya tarkibidagi hudud bo‘lgan va keng avtonomiya huquqlariga ega bo‘lgan Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun harbiy yoki iqtisodiy choralarni qo‘llash ehtimoliga shubha bildirdi.
LiveBarchasi