Germaniya va Britaniya mudofaa shartnomasini imzoladi

Olam

image

Germaniya va Buyuk Britaniya mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Londonga ilk rasmiy tashrif bilan borgan Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius va uning britaniyalik mavqedoshi Jon Xili hujjatni bugun, 23 oktyabr kuni imzoladi.

Germaniya Mudofaa vazirining aytishicha, Trinity House kelishuvi, birinchi navbatda, "Yevropada katta xavfsizlik"ga xizmat qiladi hamda London va Berlinga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan olib borilayotgan "ajratish va vayron qilish" siyosatiga qarshi birlashishga imkon beradi.

"Biz boshqacha narsani taklif qilamiz: birdamlik va ishonch", dedi nemis vaziri kelishuv imzolanganidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili kelishuvni "muhim nuqta" deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv Germaniya qurolli kuchlari – Bundesver bilan “ilgari erishib bo‘lmaydigan miqyosda” hamkorlik qilishni nazarda tutadi.

“Havo, quruqlik, dengiz va kiber sohalardagi loyihalar orqali biz birgalikda mudofaa salohiyatimizni oshiramiz va shu orqali NATOning Yevropa tarkibiy qismini mustahkamlaymiz”, dedi Boris Pistorius hujjatni imzolashdan oldin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainadagi urush “Yevropa xavfsizligini oddiy qabul qilmaslik kerakligini” ko‘rsatgan. Pistorius kelishuv doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar NATO va Yevropa Ittifoqidagi boshqa ittifoqdosh va hamkorlar uchun ochiq bo‘lishini ta’kidladi.

Germaniya Mudofaa vazirligining aniqlik kiritishicha, shartnoma, xususan, Britaniyaning bir qancha zavodlarida Germaniyaning Rheinmetall konsernidan tanklar ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, artilleriya bochkalari ishlab chiqaruvchi zavod qurilib, qo‘shimcha 400 ish o‘rni yaratiladi. Tomonlar, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlarini birlashtirish va dushman hududiga chuqur zarba bera oladigan yangi uzoq masofali qurollarni yaratish niyatida.

“Reuters” xabar berishicha, gap London tomonidan Kiyevga uzatilgan Storm Shadow uzoq masofali raketa tizimlaridan ko‘ra ko‘proq masofa va aniqlikka ega yangi qurol toifasini birgalikda yaratish haqida ketmoqda. Bundan tashqari, Berlin va London Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan NATOning sharqiy qanotida Rossiyani jilovlash uchun qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish niyatida. Shuningdek, dronlar tomonidan quvvatlanadigan tank birliklarini yaratish rejalashtirilgan.

DPA ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvlar, shuningdek, Germaniya razvedka samolyotlarini Shotlandiyada joylashtirishni ham nazarda tutadi, u yerdan harbiylar Shimoliy Atlantika va suvosti kemalarini kuzatishi mumkin bo‘ladi. Ushbu chora suvosti kabellarini sabotajdan yaxshiroq himoya qilish uchun mo‘ljallangan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Buyuk Britaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made