Germaniya va AQSH josuslarining ma’lumotlari tarmoqqa sizib chiqdi

Olam

image

VirusTotal onlayn antivirus platformasidagi nosozlik sabab ushbu portal xizmatlaridan foydalangan Amerika va Germaniya razvedka agentliklari xodimlari haqida ma’lumotlar tarmoqqa sizib chiqda. Bu haqda bugun, 17 iyul kuni “Der Spiegel” jurnali xabar berdi.

Qayd etilishichaa, iyun oyi oxirida tarmoqqa 5,6 ming VirusTotal foydalanuvchisining ular vakili bo‘lgan tashkilotlar nomi ko‘rsatilgan ro‘yxati sizdirilgan. Hodisadan zarar ko‘rgan tuzilmalar orasida AQSH Qurolli kuchlari kiberqo‘mondonligi, AQSH Adliya vazirligi, shuningdek, Federal qidiruv byurosi va AQSH Milliy xavfsizlik agentligining razvedka idoralari hamda Germaniya harbiy kontrrazvedka xizmati, Jinoyat ishlari bo‘yicha federal idora, Germaniya Federal razvedka xizmatining maxfiy bo‘limi, Telekommunikatsiya statistikasi federal boshqarmasi va Germaniya politsiyasi xodimlari ham bor. 

Aytilishicha, sizdirilgan ma’lumotlar foydalanuvchilarning ismlari va elektron pochta manzillaridan iborat.

Germaniyaning Axborot xavfsizligi federal boshqarmasi ham mazkur faktni tasdiqlagan va federal organlar xodimlarini VirusTotal’ga hech qanday fayl yuklamaslikka chaqirgan. 

Ma’lumot uchun, VirusTotal zararli dasturlarni tekshirish uchun foydalanuvchilar shubhali fayllar yoki veb-saytlarga havolalarni yuklashlari mumkin bo‘lgan viruslarning katta ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. 70 ga yaqin antivirus sotuvchilari ushbu xizmatdan qurilmalarda troyan va boshqa turdagi zararli dasturlar mavjudligini aniqlash uchun foydalanadi. Ushbu platforma Amerikaning Alphabet korporatsiyasiga tegishli bo‘lib, u Google qidiruv tizimiga ham egalik qiladi va kiberhujumlarga qarshi kurashning asosiy xizmatlaridan biri hisoblanadi. U “PC World Magazine” tomonidan 2007 yilning 100 ta eng yaxshi mahsulotidan biri sifatida taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSHda 237 ming amaldagi va sobiq federal hukumat xodimlarining shaxsiy ma’lumotlari internetga sizib chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh josus antivirus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing