Germaniya Ukrainaga harbiy yordam uchun 12 milliard yevro ajratdi
Olam
−
29 mart 2023
4862Germaniya hukumati Ukrainaga qo‘shimcha 12 milliard yevro (13,01 milliard dollar) miqdoridagi harbiy yordam jo‘natishga rozi bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 29 mart kuni Germaniya Bundestagining Byudjet qo‘mitasi Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan talab qilingan byudjetdan tashqari xarajatlarni tasdiqlagan.
Qo‘shimcha mablag‘lar 2023 yilda ajratilishi kerak bo‘lgan 3,2 milliard yevro hamda 2024 va 2032 yillar oralig‘idagi 8,8 milliard yevro miqdoridagi kredit liniyalarini o‘z ichiga oladi.
“Pulga Ukraina Germaniya hukumati ko‘magida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol sotib olishi mumkin. Ukrainani kerak bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlash juda muhim”, deyiladi qo‘mitadagi koalitsion hukumat vakillari bayonotida.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Rossiya bosqini boshlanganidan beri Germaniya hukumati Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukrainaga AQSH tomonidan 2 milliard dollarlik harbiy yordam, Kanadadan esa 32,5 million dollarlik yordam paketi ajratilgani e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi