Germaniya turkiyaliklar deportatsiyasini kengaytirmoqda

Olam

image

Germaniya kansleri Olaf Shols va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an deportatsiya bo‘yicha kelishuvga erishdi, bu esa kelajakda har hafta Germaniyadan 500 ga yaqin Turkiya fuqarosini vataniga qaytishini ko‘zda tutadi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Frankfurter Allgemeine Zeitung” gazetasi xabar berdi.

Kelishuvdan oldin Berlin va Anqara hukumatlari o‘rtasida bir necha oylik muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Birinchi bosqichda jami 200 kishining Turkiyaga deportatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Repatriatsiya (vatanga qaytish) muntazam reyslarda bosqichma-bosqich va markazlashtirilmagan holda amalga oshiriladi. Federal shtatlar zarur hujjatlarni olishda yordam beradi. Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fazer Germaniyada noqonuniy yashayotgan turk muhojirlarning vataniga qaytarilishi izchillik bilan amalga oshirilishini ta’kidladi.

"Turkiyaga repatriatsiyaning tezroq va samaraliroq amalga oshirilishini va Turkiyaning Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan fuqarolarini tezda qabul qilishini ta’minladik. Bu oldinga katta qadam va noqonuniy migratsiyani cheklashda yangi bosqichdir", deydi u.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston yoki Keniya bilan tuzilgan boshqa migratsiya kelishuvlaridan farqli o‘laroq, Turkiya bilan kelishuv Germaniyaga muhojirlarni keng miqyosda vataniga qaytarish imkonini beradi. So‘nggi yillarda Germaniyaga tobora ko‘proq turk muhojirlari yetib bordi, biroq ularning vataniga deportatsiyasi Germaniya uchun hamkor davlat bo‘lgan Turkiyaning geosiyosiy roli tufayli murakkablashdi.

Oldinroq diplomatik manbalar Turkiya Germaniyadan chiqarib yuborilishi mumkin bo‘lgan fuqarolarining vataniga qaytarilishiga to‘siq qo‘yayotgani haqida huquqiy jihatlarga asoslanib xabar bergan edi. Germaniya hukumati “Germaniya uchun alternativ” partiyasi so‘roviga javoban 2023 yilda 1300 nafar turk fuqarosi Germaniyadan o‘z vataniga qaytarilganini ma’lum qildi.

Migratsiya va qochqinlar bo‘yicha federal idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil aprel oyi holatiga ko‘ra, 14500 ga yaqin turkiyalik Germaniyadan deportatsiya qilinishi kerak edi.

Turkiya bilan tuzilgan yangi migratsiya kelishuvi Anqara uchun imtiyozmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Turkiya uzoq vaqtdan beri Germaniyani viza rejimini yumshatishga harakat qilib, Germaniya rasmiylarini viza arizalarini asossiz ravishda rad etishda yoki hujjatlarni ko‘rib chiqishni juda kechiktirishda ayblab keladi. Kelishuvdan so‘ng Turkiya osonroq viza rejimiga umid qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya ayni damda Germaniyada muhojirlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Joriy yilning 8 oyida 21590 nafar Turkiya fuqarosi Germaniyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan. 2023 yilda boshpana so‘ragan turkiyaliklar soni o‘tgan yilga nisbatan 150 foizdan oshgan. O‘shanda Turkiya boshpana izlovchilarning kelib chiqish mamlakati sifatida Germaniyada Suriyadan keyin ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Bu yil Turkiya Afg‘onistondan keyin uchinchi o‘ringa tushdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Olaf Shol'ts deportatsiya Repatriatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing