Germaniya Suriyani qayta tiklash uchun 60 million yevro ajratadi
Olam
−
30 dekabr 2024
1459Germaniya federal hukumati Suriyaga yordam beradigan bir qancha loyihalarda ishtirok etadi hamda bu maqsadlar uchun jami 60 million yevro ajratiladi. Bu haqda Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shulse bugun, 30 dekabr kuni “Redaktionsnetzwerk Deutschland” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu pullar Suriya rasmiylariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborilmaydi. Shulsening ta’kidlashicha, Suriyada Bashar Asad rejimi qulagandan keyin gumanitar vaziyat halokatli holatda qolib ketmoqda, mamlakat aholisining 90 foizi qashshoqlikda yashaydi va insonparvarlik yordamiga muhtoj. 2011 yildan beri davom etgan fuqarolar urushi paytida mahalliy infratuzilmaning katta qismi vayron qilingan.
Berlin ishtirok etadigan Suriyani qayta tiklash loyihalari nodavlat va xalqaro tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Xususan, 25 million yevro BMTning Bolalar jamg‘armasiga (UNICEF) yo‘naltirilishi kerak, u boshqa narsalar qatorida maktablarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, mablag‘ urushdan jabr ko‘rgan bolalarga yordam berish uchun sarflanadi. Mahalliy maktablarni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash uchun esa 6 million yevro ajratiladi.
Yana 19 million yevro Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Taraqqiyot” dasturiga yo‘naltiriladi, u boshqa narsalar qatori ichki ko‘chirilganlar uchun ishlarni tashkil qiladi. Suriyalik ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlovchi BMT jamg‘armasi 3 million yevro oladi, qolgan yettitasi esa “turli aholi guruhlari o‘rtasida yarashuv” bilan shug‘ullanuvchi mahalliy nodavlat tashkilotlarga ajratiladi.
Shulsening qayd etishicha, ayni damda Berlin hokimiyat “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhiga o‘tishi fonida Suriyada nima bo‘lishini oldindan aytib bera olmaydi.
“Ammo ijobiy rivojlanish uchun imkoniyat mavjud va endi biz uni qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilishimiz kerak. Biz umidlarimizni aniq belgilab oldik: mafkuradan, diskriminatsiyadan va chetlanishdan xoli ta’lim tizimi, agar taraqqiyot to‘g‘ri yo‘nalishda ketsa, biz boshqa sohalarda ham ko‘p ishlarni qilishga tayyormiz”, degan vazir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Damashqqa yordam berish uchun ilgari surayotgan shartlarni va sakkiz banddan iborat rejani taqdim etgandi. Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyani qo‘llab-quvvatlash rejasini Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok taqdim etgan. U hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini birinchi va eng muhim nuqta deb atagan.
LiveBarchasi