Asad “Yilning korrupsioner amaldori” deb topildi
Olam
−
01 yanvar
4744OCCRP surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi hokimiyatdan ag‘darilgan va Rossiyaga qochgan Suriyaning sobiq rahbari Bashar Asadni “2024 yilning korrupsion amaldori” deb atadi. Bu haqda tashkilotning kecha, 31 dekabr kuni e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.
“Asad rejimi butun mintaqa bo‘ylab zo‘ravonlik, giyohvandlik va korrupsiyani tarqatib, kaptagon (sintetik giyohvandlik vositasi) ishlab chiqarish va odam savdosi, tamaki kontrabandasi, qadimiy buyumlarni o‘g‘irlash, qurol savdosi va boshqa uyushgan jinoyatchilikdan milliardlab dollar daromad oldi”, deyilgan OCCRP press-relizida.
Arab tilidagi “Daraj.com” media platformasi asoschisi Aliya Ibrohimning so‘zlariga ko‘ra, Suriya va butun mintaqa uchun Asad hukmronligi oqibatlarini bartaraf etish uchun bir necha o‘n yillar kerak bo‘ladi.
Press-relizda ta’kidlanishicha, 40 mingdan ortiq odam Keniya Prezidenti Uilyam Rutoni “Yilning korrupsioner amaldori” deb e’tirof etishni taklif qilgan. Iyul oyida Keniyada minglab odamlar byudjetning qisqartirilishi, mamlakatdagi ishsizlik va korrupsiyaga qarshi namoyishga chiqqan edi. Bu namoyishlar xavfsizlik kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi, ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. Biroq, OCCRP mukofotni Asadga berishga qaror qildi, chunki tashkilotning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlar uning jinoiy harakatlaridan jabr ko‘rgan.
Putin yilning korrupsioner amaldori sifatida ham tan olingan
OCCRP 2012 yilda “Yilning korrupsioner amaldori” mukofotini “uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya olamidagi eng ko‘zga ko‘ringan shaxslar” uchun ramziy sharaf sifatida yaratgan. 2014 yilda u Donbassda urushni qo‘zg‘atgani va Rossiyani pul yuvish bo‘yicha yirik markazga aylantirgani uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga berilgan. Putindan tashqari, ushbu “mukofot” “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin, shuningdek, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenkoga ham topshirilgan.
Ekvatorial Gvineya diktatori ham taqdirlandi
2024 yilda OCCRP birinchi marta “Umr bo‘yi muvaffaqiyatga qarshi kurashi uchun” maxsus toifasini taqdim etdi. Mukofotni Ekvatorial Gvineya Prezidenti, dunyoda eng uzoq vaqt hukmronlik qilayotgan diktatorlardan biri Teodoro Obiang Ngema Mbasogo oldi. U 1979 yilda amakisini hokimiyatdan ag‘darish uchun davlat to‘ntarishiga boshchilik qilgan va o‘sha paytdan beri noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar orqali o‘zgacha fikrni bostirgan.
“Qo‘rqitish, repressiya va korrupsiya orqali Teodoro Obiang boylik va jazosizlik sulolasini yaratdi. Uning diktatorlik tendensiyalari butun Afrika qit’asidagi hukmdorlar tomonidan taqlid qilinmoqda. Bugungi davlat to‘ntarishi yetakchilari unga o‘xshagan korrupsiyaning otasi bo‘lishga intilib, unga cho‘qintirgan ota sifatida qaraydi”, degan ganalik surishtiruvchi jurnalist Anas Aremeyo Anas.
LiveBarchasi