Germaniya Putinga vaqtni cho‘zmaslikni tavsiya qildi
Olam
−
26 avgust 4620 2 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Ukraina bo‘yicha muzokaralarni cho‘zmaslikni talab qildi va aks holda Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u kecha, 25 avgust kuni Xorvatiya Tashqi ishlar vaziri Gordan Grlich-Radman bilan Zagrebda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosimni davom ettirishi kerak va shu maqsadda 19-sanksiyalar paketi tayyorlanmoqda.
Unga ko‘ra, endi so‘z Putinda – u haqiqatan ham adolatli tinchlikka erishishga tayyor ekanini isbotlashi lozim. Vazirning aytishicha, Kiyev allaqachon yon berib, hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz tinchlik muzokaralariga rozilik bildirgan.
Shu bilan birga, Vadeful Yevropa nomidan aniq kafolat bergan – muzokaralar “Ukraina orqasidan, uning foydasiga yashirincha” olib borilmaydi. Berlin Kiyevga siyosiy, iqtisodiy va harbiy yordamni davom ettirishini bildirgan.
Xorvatiya Tashqi ishlar vaziri Grlich-Radman ham, o‘z navbatida, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini va chegaralarning zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirilishini tan olmasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat adolatli tinchlik uzoq muddatli bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Ukraina Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik kelishuvidan keyin xavfsizlik kafolatlarini olishi kerakligi va ular NATO a’zoligiga juda yaqin bo‘lishi lozimligini aytgandi. Vadefulga ko‘ra, Ukraina hududiy yon berish haqida o‘ylashga majbur bo‘lmasligi kerak, buning uchun esa iloji boricha ko‘proq davlatlardan real xavfsizlik kafolatlari zarur. Unga ko‘ra, bu kafolatlar Rossiyaga xavf tug‘dirmaydi, aksincha, Yevropada barqaror tinchlikni tiklashga zamin yaratishi mumkin.
Live
Barchasi