Ukraina NATOga juda yaqin bo‘lishi kerak – Vadeful

Olam

image

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik kelishuvidan keyin xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak va ular NATO a’zoligiga juda yaqin bo‘lishi lozim. Bu haqda u kecha, 24 avgust kuni Germaniya hukumatining ochiq eshiklar kunidagi nutqida aytib o‘tdi.

Vadefulning aytishicha, Ukraina hududiy yon berish haqida o‘ylashga majbur bo‘lmasligi kerak, buning uchun esa iloji boricha ko‘proq davlatlardan real xavfsizlik kafolatlari zarur. Unga ko‘ra, bu kafolatlar Rossiyaga xavf tug‘dirmaydi, aksincha, Yevropada barqaror tinchlikni tiklashga zamin yaratishi mumkin.

Nemis vaziri bu masalada faqat Yevropa Ittifoqi emas, balki boshqa davlatlar, jumladan AQSH ham ishtirok etishi zarurligini qayd etgan. Hozirgi vaqtda Yaponiya ham kirgan holda qariyb 30 mamlakat Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyorligini bildirgan.

Vadefulning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish uchun tuziladigan kelishuv Ukrainaning manfaatlariga zid, majburan qabul qildirilgan “diktat tinchlik” shaklida bo‘lmasligi kerak. Ya’ni, Germaniya vaziri tinchlik shartlari adolatli bo‘lishi, Ukraina hududi va suverenitetiga zarar yetkazmasligi kerakligini urg‘ulagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Ukraina hududida tinchlikparvar missiyaga qo‘shilishga tayyorligini bildirgandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bunga bir necha bor qarshiligini bildirgan. Unga ko‘ra, Pekin 2022 yilda urushni to‘xtatishga yordam bermagan va 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganida ham “hech narsa qilmagan”. 

Hozircha, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishda asosan G‘arb davlatlari – Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqalar qatnashmoqda. Zelenskiy esa Turkiyani ham potensial kafolat beruvchi davlat sifatida ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Evropa Ittifoqi Ukraina Yoxann Vadeful

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing