Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

Germaniya Porsche zavodlarida tank ishlab chiqarmoqchi

Olam

image

Germaniyaning qimmatbaho avtomobillar ishlab chiqaruvchisi Porsche Germaniya avtomobil sanoatining muammolari va mamlakat hukumati tomonidan mudofaa xarajatlarini oshirish rejasi fonida tanklar va qurollar ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Bu haqda ESuT xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 2024 yilda 20 milliard yevro zarar ko‘rgan kompaniya rahbariyati iqtisodiy keskin choralarga urg‘u bermoqda va yangi biznes yo‘nalishlarini qidirmoqda. Xususan, Porsche mudofaa loyihalariga 2 milliard yevrogacha mablag‘ yo‘naltirishi mumkin, shuningdek, dronlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Quantum Systems startapiga allaqachon sarmoya kiritgan.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi uchun harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish deyarli “ildizga qaytish” bo‘ladi. 1931 yilda asos solingan kompaniya Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniya armiyasi uchun turli texnikalarni ishlab chiqargan. Porsche asoschisi Ferdinand Porshe og‘ir Tiger (P  tanki, ultraog‘ir Maus tanki va Ferdinand o‘ziyurar tankga qarshi artilleriya tizimini ishlab chiqargan. 1958 yildan boshlab esa Porsche Leopard 1 deb nom olgan tank va boshqa jangovar texnikalarni ishlab chiqishda qatnashgan.

“Eksportga kuchli yo‘naltirilgan nemis avtomobil sanoati Xitoy iqtisodiyotining sekinlashishi tufayli tanazzulga yuz tutdi. Bundan tashqari, u Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatda yutqazdi. Oqibatda ba’zi kompaniyalar harbiy texnika ishlab chiqarishga o‘tishni boshladi, chunki Germaniya hukumati mudofaa uchun 200 milliard yevro ajratishga qaror qildi va uzoq vaqt davomida amal qilgan davlatdan qarz olish cheklovlarini bekor qildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, bungacha Germaniyaning eng yirik mudofaa kompaniyasi Rheinmetall avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi ikkita zavodini harbiy ehtiyojlar uchun qayta ixtisoslashtirishini e’lon qilgan. Radar tizimlari TRML-4D ishlab chiqaruvchi Hensoldt esa Bosch va Continental kabi yirik avtomobil ehtiyot qismlari yetkazib beruvchilaridan 200 ga yaqin ishchini ishga olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

“Avtomobil sanoatidagi qiyinchiliklar biz uchun foydaga aylandi. Biz mudofaa sanoatini Germaniya iqtisodiyotining harakatlantiruvchi kuchi sifatida ko‘rishimiz kerak. U avvalgidan ham muhimroq rol o‘ynaydi”, dedi Hensoldt bosh direktori Oliver Dyorre.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Bavariya federal yeri sog‘liqni saqlash vaziri Yudit Gerlax Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi urush sharoitida ham harbiylar, ham fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Gerlaxning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiyadan kelayotgan harbiy tahdid bilan tobora ko‘proq yuzma-yuz kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya tank Porsche

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing