Germaniya migratsiya siyosatini qat’iylashtirmoqda
Olam
−
30 yanvar
3386Germaniyada parlament muxolifati migratsiya siyosatini tubdan qat’iylashtirishga qaratilgan rezolyutsiyaning qabul qilinishiga erishdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Bundestag deputatlarining ko‘pchiligi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi (XDI/XSI) bloki tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Hujjat doimiy chegara nazoratini qayta joriy etish, boshpana berishdan chegarada voz kechish imkoniyati va deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan chet elliklarni hibsga olish choralarini o‘z ichiga oladi.
Ovoz berishdan oldin kansler Olaf Shols deputatlarni rezolyutsiyani rad etishga chaqirdi, biroq yakunda 348 deputat hujjatni qo‘llab-quvvatladi, 345 kishi qarshi ovoz berdi, yana 10 kishi betaraf qoldi. XDI/XSI bloki tashabbusidan tashqari, rezolyutsiya Ozod demokratik partiya va o‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” partiyasi vakillari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Qarshi ovoz berganlar qatoriga Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP), “Yashillar” (“Birlashgan 90/Yashillar”) va Chap partiya vakillari kirdi.
XDI/XSI tomonidan ilgari surilgan huquq-tartibot organlari vakolatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi ikkinchi tashabbus Bundestag tomonidan rad etildi: 190 deputat yoqlab, 509 deputat qarshi ovoz berdi, 3 kishi betaraf qoldi.
XDI/XSI bloki Germaniyada muhojirlar tomonidan sodir etilgan qator shov-shuvli hujumlar ortidan migratsiya siyosatini qat’iylashtirish tashabbusi bilan chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 22 yanvar kuni Bavariyaning Ashaffenburg shahrida 28 yoshli afg‘onistonlik shaxs mamlakatda bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan holda ko‘chada odamlarga pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida ikki yoshli bola va 41 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana uch kishi, jumladan bir bola jarohat oldi.
Bundan bir oy oldin, 2024 yil 20 dekabr kuni Magdeburg shahrida terakt sodir bo‘ldi: bir avtomobil katta tezlikda Rojdestvo yarmarkasidagi olomon ustiga haydaldi. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam jarohat oldi. Hujum qilgan shaxs Saudiya Arabistonidan kelgan 50 yoshli qochqin bo‘lib, u Germaniyada boshpana oluvchi maqomiga ega bo‘lgan.