Germaniya maktab o‘quvchilarini urush sharoitiga tayyorlamoqchi
Olam
−
07 aprel
1956Germaniya Ichki ishlar vazirligi xalqaro xavfsizlik tahdidlari ortib borayotgan sharoitda maktab o‘quvchilarini fuqarolik mudofaasi asoslariga o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda “Handelsblatt” nashri xabar berdi.
“So‘nggi xavfsizlik voqealarini inobatga olgan holda, fuqarolik mudofaasiga, jumladan, maktab ta’limi doirasida ham ko‘proq e’tibor qaratish zarur”, dedi vazirlik vakili nashr bilan suhbatda.
Germaniya Ichki ishlar vazirligini hozirda Sotsial-demokratik partiya (SDPG) vakili Nensi Fezer boshqaradi. Xristian-demokratik ittifoq (XDI) partiyasining xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili Roderix Kizevetter maktab o‘quvchilarini, ayniqsa, jamiyatning himoyasiz qatlamini inqirozli holatlarda qanday harakat qilishga o‘rgatish lozimligini aytib, favqulodda vaziyatlarda o‘zini qanday tutish bo‘yicha asosiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini joriy etishni taklif etgan. Deputatning ta’kidlashicha, bu amaliyot Finlyandiya maktablarida allaqachon bir necha o‘n yillardan beri normal hol hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil mart oyida Germaniya Ta’lim vaziri Bettina Shtark-Vatsinger ham Bundesver (Germaniya Qurolli kuchlari) zobitlari maktablarga borib o‘quvchilarga o‘z xizmatlari haqida hikoya qilib berishlari kerakligini aytgan. Unga ko‘ra, maktablarda Rossiya-Ukraina urushi va bu bilan bog‘liq global o‘zgarishlarni muhokama qilish zarur. Vazirning fikricha, bu kabi chora-tadbirlar jamiyatni inqirozlarga nisbatan puxta tayyorlash va Germaniyaning qarshilik ko‘rsatish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Bavariya federal yeri sog‘liqni saqlash vaziri Yudit Gerlax Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi urush sharoitida ham harbiylar, ham fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Gerlaxning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiyadan kelayotgan harbiy tahdid bilan tobora ko‘proq yuzma-yuz kelmoqda. Shu bilan birga, AQSHning xavfsizlik bitimidan chiqishi ehtimoli bunday tayyorgarlik zaruratini yanada oshiradi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


