Germaniya karantin muddatini uzaytirishga tayyorlanmoqda
Olam
−
05 yanvar 2021
4691Germaniya kansleri Angela Merkel bugun, 5 yanvar kuni mamlakatning 16 federal viloyati rahbarlari bilan onlayn konferensiya o‘tkazib, koronavirusning tarqalishi davom etayotgani sababli lokdaunni uzaytirish to‘g‘risida kelishib oladi. Mutaxassislar cheklov choralari endi yanvar oxirigacha davom etishiga shubha qilmaydi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatlar karantinni uzaytirishga kelishib olgan. Kelishmovchiliklar faqat karantin muddati bo‘yicha bo‘lgan. Ba’zi viloyatlar karantinni ikki haftaga, boshqalari uch haftaga uzaytirilishini xohlagan. Maktablar bo‘yicha ham birdamlik yo‘q: ba’zilar biron bir joyda darslarga ruxsat berishni xohlasa, ba’zilar faqat boshlang‘ich sinflar uchun boshlashni ma’qul ko‘rgan. Yana boshqa bir viloyatlar bunday qadamni juda xavfli, deb hisoblagan.
“Cheklovlarni cheksiz ravishda uzaytirish o‘rniga, biz xavf ostida bo‘lgan odamlarni himoya qilishga e’tibor qaratishimiz kerak”, deydi karantin uzaytirilishiga qarshi bo‘lgan “Germaniya uchun alternativa” partiyasi raisining o‘rinbosari Stefan Brandner.
Ma’lumot uchun, bu – Germaniyadagi ikkinchi qat’iy karantin(birinchisi bahorda). Pandemiyaning yangi to‘lqini tufayli dastlab o‘tgan yilning noyabr oyi boshlarida kafe va restoranlar yopildi, ammo bu kasallik tarqalishini cheklash uchun yetarli emas edi. Dekabr oyi o‘rtalarida qoidalar sezilarli darajada kuchaytirilishi va deyarli barcha savdo do‘konlari va ta’lim muassasalari yopilishi kerak edi. Ushbu choralar 10 yanvargacha amal qilishi taxmin qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Hukumati koronavirus infeksiyasining tarqalish tezligini kamaytirish uchun mamlakatda 16 dekabrdan 10 yanvargacha qat’iy karantin choralarini joriy qilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi