Germaniya kansleri Ukraina bo‘yicha yirik diplomatik tashabbusni e’lon qildi

Olam

image

Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainada 30 kunlik so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish masalasida Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Polshaning “buyuk birligi”ni ta’kidladi. Mers bu haqda bugun, 10 may kuni Germaniyaning ZDF telekanalidagi “Heute Journal” dasturi efirida ma’lum qildi.

“Bu Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi oylardagi, balki yillardagi eng yirik diplomatik tashabbus”, dedi Mers.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap muzokaralar haqida emas, balki AQSH va Yevropa tomonidan bildirilgan taklif haqida ketmoqda.

“Bu taklif o‘t ochishni to‘xtatish haqida. O‘t ochishni to‘xtatish esa har ikki tomonning o‘t ochishni to‘xtatishini anglatadi”, dedi Germaniya hukumati rahbari.

Fridrix Mersning aytishicha, bu tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan kelishilgan. Nemis siyosatchisiga ko‘ra, Vashington “o‘t ochishni to‘xtatish rejimini tekshirish va kuzatish” majburiyatini olgan.

Germaniyaning ARD jamoat-huquq telekanalining “Tagesthemen” dasturida Mers yaqin kelajakda Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatish uchun “ozgina imkoniyat” ko‘rishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlarni davom ettirish umidsizligini anglashi kerak.

Federal kansler, agar Putin G‘arbning taklifini qabul qilmasa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi va Rossiyaga qarshi yana bir sanksiyalar paketi joriy etilishiga ishora qilib, Yevropa Ittifoqida cheklovchi choralarning 17-raundiga tayyorlanayotganini tasdiqlagan.

Bildirilishicha, Germaniya Kiyevni yevropalik hamkorlari bilan kelishilgan holda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, shunda u Rossiya tajovuzkorligiga “qarshilik ko‘rsatishda davom etish imkoniyatiga ega bo‘ladi”.

“Germaniya chetda qolmaydi”, deya xulosa qildi Mers.

Germaniya kansleri Kiyev uchun ehtimoliy xavfsizlik kafolatlariga ham izoh berdi: 
“Ukraina mudofaa qobiliyatini saqlab qolishi kerak, Ukraina ham Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi kerak”.

Uning tan olishicha, Yevropa Ittifoqi mudofaa sohasidagi sa’y-harakatlarini “ko‘p yillar, balki o‘nlab yillar davomida” davom ettirishi kerak.

Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Polsha Bosh vaziri Donald Tusk 10 may kuni Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar Tramp bilan Ukraina uchun “tinchlik harakatlari” haqida qo‘shma “samarali” telefon suhbati o‘tkazgan.

“Ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Ukraina TIV rahbari Kiyev va uning ittifoqchilari 12 maydan boshlab “quruqlikda, havoda va dengizda to‘liq, so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini” ma’lum qildi.

“Agar Rossiya rozi bo‘lsa va samarali monitoring ta’minlansa, doimiy otashkesim va ishonchni mustahkamlash choralari tinchlik muzokaralariga yo‘l ochishi mumkin”, dedi Sibiga.

“Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga, xususan, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya kiradi. Hammasi bo‘lib guruhga 30 ga yaqin davlat kiradi.

Tashrif Moskvada o‘nlab mamlakatlar rahbarlari, jumladan, Xitoy rahbari Si Szinpin, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso ishtirok etgan keng ko‘lamli harbiy paraddan bir kun o‘tib amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing