Germaniya kansleri Markaziy Osiyoning barcha prezidentlari bilan uchrashmoqchi
Olam
−
27 Sentabr 2023
6443Joriy yilning 29 sentyabr kuni Berlinda Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari va Germaniya kanslerining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Germaniya hukumati rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
“29 sentyabr kuni Federal kansler Olaf Shols Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati Prezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joizki, mazkur formatdagi uchrashuv ilk bor o‘tkazilmoqda. Sammitda asosiy e’tibor mintaqaviy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqa va Germaniya uchun muhim bo‘lgan o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratiladi.
Shundan so‘ng, Shols bilan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston Prezidentlari o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Ertaga, 28 sentyabr kuni esa kansler Shols Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashadi. Muzokaralar chog‘ida siyosatchilar keng ko‘lamli mavzularni, jumladan, ikki tomonlama munosabatlar, iqtisodiy va energetika siyosati sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari qatnashgandi. Shundan so‘ng, Yaponiya Qozog‘iston bilan kelasi yili Markaziy Osiyo – Yaponiya formatida sammit o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Keyinchalik kelasi yilda O‘zbekistonda birinchi Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tishi kutilayotganini aytildi.
LiveBarchasi