Germaniya kansleri Isroilning G‘azodagi hujumlarini tanqid qildi
Olam
−
27 may 2025 3384 2 daqiqa
Kecha, 26 may kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarini tanqid ostiga oldi. Bu haqda u Berlindagi Europaforum tadbirida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, Isroil hukumati hatto eng yaqin do‘stlari ham tashlab ketishiga tayyorgarlik ko‘rishi kerak.
“Rostini aytsam, hozir men Isroil armiyasining G‘azo sektorida qanday maqsad ko‘zlayotganini tushunmayapman”, degan Germaniya kansleri.
U, shuningdek, tinch aholi so‘nggi kunlarda tobora ortib borayotgan darajada azob chekayotganini qayd etib, bu holatni HAMASga qarshi kurash bilan oqlab bo‘lmasligini aytgan.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya tarixiy sabablar borligi bois Isroilga nisbatan jamoat oldida tanqid bildirishda har qanday davlatdan ehtiyotkorroq bo‘lishi kerak.
“Ammo xalqaro gumanitar huquq buzilayotgan bo‘lsa, Germaniya kansleri jim turmasligi kerak. Savol shundaki, hozir tanqidni qay darajada aniq ifodalash kerak – bu yerda men tarixiy sabablarga ko‘ra ehtiyotkor bo‘lishni istayman”, deya izoh bergan Fridrix Mers.
Ma’lumot uchun, Isroil 18 may kuni ikki oylik tinchlikdan so‘ng, G‘azo sektorida harbiy harakatlarni qayta boshladi. Xalqaro kuzatuvchilar Isroil Mudofaa kuchlarining amaliyotlarini tanqid qilib, bu harakatlar tinch aholiga katta zarar yetkazayotganini ta’kidlamoqda. Xususan, mart oyidan boshlab G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishining to‘sib qo‘yilishi va faqatgina 19 maydan boshlab qisman ruxsat etilishi aholi holatini yanada og‘irlashtirdi.
Eslatib o‘tamiz, Fridrix Mers joriy yilning 14 may kuni Berlinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan hibsga olishga order chiqarilganiga qaramay, Germaniyaga tashrif buyurishi mumkinligi haqida gapirgandi. Kanslerning aniqlik kiritishicha, Netanyaxuning Germaniyaga tashrifi hozircha rejalashtirilmagan.
Live
Barchasi