Germaniya ilk bor BMT Xavfsizlik Kengashiga saylanmay qoldi

Olam

image

Germaniya 2027–2028 yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining nomustaqil a’zosi etib saylanmadi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Joriy yilning 3 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasida o‘tkazilgan yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, Portugaliya 134 ta, Avstriya esa 131 ta ovoz to‘plab, Germaniyani ortda qoldirgan. Germaniya nomzodi uchun 104 davlat ovoz bergan. Saylanish uchun kamida 127 ta ovoz talab etilgan.

Bu Germaniya tarixida birinchi marta mamlakatning BMT Xavfsizlik Kengashiga nomustaqil a’zo sifatida saylanmay qolishidir. Avval Germaniya olti marta mazkur kengash tarkibiga kirgan.

Ovoz berish jarayonida Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ishtirok etdi. Yig‘ilishga esa BMT Bosh Assambleyasi raisi, Germaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok raislik qildi.

Germaniya, Avstriya va Portugaliya BMTning “G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar” mintaqaviy guruhi uchun ajratilgan ikki o‘rin uchun raqobatlashgan. Germaniya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat 2024 yil holatida BMT tizimiga eng ko‘p badal to‘lovchi ikkinchi davlat hisoblangan.

Germaniya parlamentidagi “Yashillar” partiyasi deputati Agneshka Brugger bu natija uchun kansler Fridrix Mers va tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadefulni tanqid qilgan. Uning fikricha, hukumat Germaniya nomzodini xalqaro maydonda yetarlicha faol targ‘ib qilmagan va iqlimni muhofaza qilish, xalqaro hamkorlik hamda qoidalarga asoslangan jahon tartibini qo‘llab-quvvatlash sohalarida ta’sirini kuchaytira olmagan.

XDS/XSS blokining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Yurgen Xardt esa Germaniyaning mag‘lubiyatini afsusli holat deb baholagan. U kelgusida Yevropa davlatlari BMT Xavfsizlik Kengashidagi o‘rinlar uchun o‘zaro raqobatga kirishmasligi uchun pozitsiyalarni oldindan muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidlagan.

BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga veto huquqiga ega bo‘lgan besh doimiy a’zo – AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya hamda o‘n nafar nomustaqil a’zo kiradi. Nomustaqil a’zolar ikki yillik muddatga saylanadi va ularning yarmi har yili qayta saylab boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani haqida xabar berilgandi. Respublika 2027–2028 yillarda jahon tashkilotining asosiy organlaridan biri tarkibida bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya BMT nomustaqil a'zo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing