Germaniya AQSHdan 15 ta qiruvchi samolyot sotib olmoqchi

Olam

image

Germaniya Mudofaa vazirligi yadroviy to‘xtatish maqsadida foydalanish uchun AQSHda ishlab chiqarilgan qo‘shimcha 15 ta F-35 qiruvchi samolyotini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazirlikka tayanib, “Spiegel” nashri xabar berdi.

“Mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSHda ishlab chiqarilgan yana 15 ta F-35 qiruvchisiga buyurtma berishni rejalashtirmoqda”, deb yozadi nashr Bundestag byudjet qo‘mitasiga taqdim etilgan mudofaa vazirligi hujjatlariga asoslanib.

Lockheed Martin kompaniyasi bilan shartnoma asosida buyurtmaning umumiy qiymati 2,5 milliard yevroni tashkil etadi. Bungacha vazirlik ushbu turdagi 35 ta samolyotga buyurtma bergan. Ularning dastlabkilari 2027 yilda Germaniya Qurolli kuchlari ixtiyoriga topshirilishi kutilmoqda.

F-35 samolyotlari eskirgan Tornado qiruvchilarining o‘rnini egallaydi. Ularning asosiy vazifasi – Germaniyada joylashtirilgan AQSHning yadroviy jangovar kallaklarini tashish va yadroviy to‘xtatishni ta’minlash.

“Spiegel”ning xavfsizlik doiralaridagi manbalarga tayanib yozishicha, NATOning yangi talablarini bajarish uchun Bundesver aviatsiya parkini kengaytirishi kerak bo‘ladi. Chunki Germaniya avvalroq 20 ta Eurofighter turidagi qiruvchi buyurtma qilgan va beshinchi avlod samolyotlarini joylashtirish uchun kelgusida yana bir aviabaza zarur bo‘lishi mumkin.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Tornado samolyotlari va AQSH yadroviy o‘q-dorilari joylashgan Byuxel aviabazasini modernizatsiya qilish jarayoni juda murakkab kechmoqda. Oqibatda xarajatlar dastlab rejalashtirilgan 700 million yevrodan 2 milliard yevroga qadar oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziya Mudofaa vaziri Shafri Shamsuddin Jakartada jurnalistlar bilan suhbatda armiyani modernizatsiya qilish rejasi doirasida tez orada Xitoydan 42 ta Chengdu J-10C qiruvchi samolyotlarini sotib olinishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya F-35 Tornado

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing