Geosiyosat kasofati: rubl dunyodagi eng beqaror valyutaga aylandi
Olam
−
22 fevral 2022
14761Dollar va rubl juftligi uchun bir oylik opsionlar narxlaridan hisoblangan rublning o‘zgaruvchanligi kecha, 21 fevral kuni kechqurun 33,97 foizga yetdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bergan.
21 fevraldagi savdolarda dollar kursi 79 rubldan oshgan, ayni paytda esa hatto 80 rubl. Geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi fonida milliy valyuta kursining o‘zgaruvchanligi pandemiya boshlanganidan beri maksimal qiymatga yaqinlashdi: 2020 yil 18 martda u 37,7 foizni tashkil etgan. O‘shanda rubl kursi bir dollar uchun 60-65 dan 80 rublgacha tushib ketgan.
Bir oy oldin rublning o‘zgaruvchanligi 20,7 foiz edi. Bu ko‘rsatkichga ko‘ra, yanvar oyida Rossiya valyutasi turk lirasidan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Ammo 14 fevralga kelib, bu o‘zgardi: rublning o‘zgaruvchanligi 24,3 foizga ko‘tarildi, turk lirasi uchun esa 19,75 foizga tushdi. O‘shandan beri rubl ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon valyutalari orasida yetakchi bo‘lib kelmoqda. “Bloomberg” so‘nggi kunlarda sezilarli darajada pasaygan Ukraina grivnasi va Belarus rublini hisobga olmagan.
2020 yil 18 martdagi cho‘qqidan tashqari, rublning o‘zgaruvchanligi 2015 yil fevralidan beri 30 foizlik belgidan oshmagan. Ko‘rsatkichning eng yuqori qiymati 2014 yilning dekabr oyida valyuta va moliya bozorlaridagi “qora seshanba”dan keyin bo‘lgan – 75 foiz.
Tahlilchilarga ko‘ra, geosiyosat Rossiya rubliga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, milliy valyuta ham, umuman bozor ham hozirgi axborot kun tartibiga og‘riqli munosabatda bo‘lmoqda, investorlarning kayfiyati yomonlashmoqda va ular Rossiya bozorini tark etmoqda.
Avval xabar berganimizdek, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga qariyb bir soat davom etgan murojaatidan so‘ng Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR) mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Dunyo davlatlari Putinning qarorini qoralab chiqdi va G‘arb davlatlari Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy qilish arafasida. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini tutib turadigan davlat kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi.
LiveBarchasi