“Genotsid ayblovi asossiz”. Blinken Isroilni oqladi 

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Janubiy Afrikaning Isroilni genotsidda ayblab, Xalqaro sudga kiritgan da’vo arizasi jahon hamjamiyatining e’tiborini Falastin-Isroil mojarosini hal qilishdan chalg‘itmoqda, deb hisoblaydi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 9 yanvar kuni Tel-Avivdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

"Biz Isroilga qarshi Xalqaro sudga ish qo‘zg‘atish dunyoni bu muhim sa’y-harakatlardan chalg‘itadi, deb hisoblaymiz. Bundan tashqari, genotsid ayblovi asossizdir. HAMAS, “Hizbulloh”, husiylar va ularni dastaklayotgan Eron Isroilni yo‘q qilmoqchi", degan Blinken.

Davlat kotibining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar 7 oktyabrdagi voqealar boshqa hech qachon sodir bo‘lmasligi uchun Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. 

“Shuning uchun biz garovda qolganlarni uylariga qaytarish, gumanitar inqirozni bartaraf etish, tinch aholi himoyasini kuchaytirish va mojaro tarqalishining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabr kuni Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari va “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzganligi yuzasidan Gaagadagi Xalqaro sudga murojaat qilgan. Da’voda suddan Isroilning Genotsid konvensiyasini va undan kelib chiqadigan majburiyatlarni buzadigan barcha harakatlarni darhol to‘xtatishi so‘ralgan.

Joriy yilning 11 yanvar kuni Gaagada Janubiy Afrikaning da’vosi bo‘yicha birinchi eshituvlar boshlanadi. Shu kuni Janubiy Afrikani himoya qiluvchi bir guruh advokatlar o‘zining dalillarini  taqdim etadi. Janubiy Afrika huquqiy doiralariga ko‘ra, ularning vakillari, birinchi navbatda, suddan vaqtinchalik chora sifatida Isroilning G‘azo sektoridagi barcha harbiy harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida buyruq chiqarishni so‘raydi. Shundan so‘ng, janubiy afrikalik advokatlar ishni mohiyatan ko‘rib chiqishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil Prezidenti Isxak Gersog AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Janubiy Afrikaning yahudiy davlatini Gaagadagi Xalqaro Sudga bergan da’vosini "dahshatli va kulgili" deb atagandi. Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa esa Xalqaro sudga da’vo arizasi berilishi mamlakatining prinsipial pozitsiyasini ifodalashini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil JAR Entoni Blinken Xalqaro sud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing