“Gazprom” joriy yilda Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlashi mumkin

Olam

image

“Gazprom” 2023 yilning to‘rtinchi choragida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu bo‘yicha Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida xolding va O‘zbekiston o‘rtasida shartnoma imzolandi. Kelishuv tafsilotlarini “Gazprom” tomonidan berilgan bayonotga tayanib, TASS ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 16 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “Gazprom” rahbari Aleksey Millerning O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.

“Gaz sohasida hamkorlikning joriy va istiqbolli masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar Rossiya gazini O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va O‘zbekiston gaz uzatish tizimini Rossiya gaz quvuri gazini qabul qilish va tashishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi. Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga eksport qilishni boshlashning rejalashtirilgan sanasi 2023 yilning IV choragidir”, deyiladi xabarda.

“Gazprom” rahbari Aleksey Miller, shuningdek, Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev va “QazaqGaz” boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda ular gaz yetkazib berish, qayta ishlash va tashish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgan hamda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekiston iste’molchilari uchun tashish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ma’lumot uchun, Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi Rossiyadagi eng yirik iqtisodiy tadbir hisoblanadi. Bu yil ushbu tadbir 14-17 iyun kunlari tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi raxbari Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tib, tomonlar o‘rtasida “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. 

Keyinroq, 9 fevral kuni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirlari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Bolat Aqchulakov muzokaralar o‘tkazgan. Unda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining dastlabki texnik baholari muhokama qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Gazprom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing