G‘azoga birinchi gumanitar yordam karvoni yetib bordi

Olam

image

Kecha, 21 oktyabr kuni 20 ta yuk mashinasidan iborat gumanitar karvon Rafah nazorat punkti orqali G‘azo sektoriga jo‘nab ketgani haqida xabar berilgan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti axborot xizmatining ma’lum qilishicha, g‘azoliklar uchun asosiy oziq-ovqat, suv va dori-darmonlardan iborat gumanitar yordam manzilga muvafaqqiyatli yetib borgan

Ma’lum qilinishicha, UNICEF bolalar tashkiloti yukning bir qismi sifatida 44 ming shishadan ortiq ichimlik suvi (bu 1 kunga atigi 22 ming kishiga yetadi) yetkazib bergan. Tovarlar BMT ko‘magida Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati xodimlari tomonidan qabul qilib olingan. 

BMTning Favqulodda yordam koordinatori Martin Griffitsga ko‘ra, birinchi yordam yetkazilishi G‘azo aholisini oziq-ovqat, suv, dori-darmon va yoqilg‘i kabi zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash uchun doimiy va xavfsiz yo‘l ochilishiga imkon beradi. Biroq hozircha Isroil yoqilg‘i yetkazib berishga ruxsat bermayapti.

“Birinchi suv zaxiralari cheklangan miqdorda bo‘lsa ham, hayotni saqlab qoladi, ammo suvga, oziq-ovqat, yoqilg‘i, dori-darmon, zarur tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj juda katta. Agar biz insonparvarlik yordamini ta’minlay olmasak, hayotga xavf tug‘diruvchi kasalliklar tarqalishining haqiqiy tahdidiga duch kelamiz”, deydi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

UNICEF gumanitar yordam G'azo Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing