G‘azodagi vaziyatdan xavotirlanayotgan AQSH imi-jimida Isroilga ajal qurollarini berdi
Olam
−
30 mart
9505AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Vashingtonning G‘azo janubida yuz minglab tinch aholining qurbon bo‘layotganidan tashvishlanishiga qaramay, Isroilga milliardlab dollarlik bomba va qiruvchi samolyotlarni yetkazib berishni ma’qulladi. Bu haqda "The Washington Post" gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu safar Oq uy ancha ehtiyotkorlik bilan Isroilga qirg‘in qurollarini jamoatchilikka e’lon qilmasdan, maxfiy ravishda berishni lozim topgan.
"Pentagon va Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, yangi qurol paketlari 1800 dan ortiq MK84 (2000 funtli) bomba va 500 dona MK82 (500 funtli) bombalarni o‘z ichiga oladi. Ayniqsa 2000 funtli bombalar Isroilning G‘azodagi harbiy kampaniyasi davomida falastinliklarning ommaviy qurbon bo‘lishiga olib kelgandi", deyiladi xabarda.
Nashrning o‘z ismini oshkor qilishni istamagan manbasiga ko‘ra, Isroilni qurol bilan ta’minlash borasidagi yangi ruxsatnomalar ommaga bildirilmagan.
Falastindagi urush to‘g‘risida borgan sari avj olib borayotgan bahs-munozaralar ham Baydenni bosqinchilarga qirg‘in qurollarini yetkazib berishdan tiya olmayapti.
"Masalan, o‘tgan hafta Davlat departamenti taxminan 2,5 milliard dollarlik 25 ta F-35A qiruvchi samolyotlari va harbiy texnikalar uchun dvigatellarni topshirishga ruxsat berdi", deydi nashr manbasi.
2023 yil dekabr oyida Davlat departamenti ikki marta qonun chiqaruvchi idora (Kongress) ruxsatini ham kutib o‘tirmasdan Isroilga million dollarlik o‘q-dori yetkazishni ma’qullagandi.
Ma’lumot uchun, Isroilning hujumi oqibatida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon kamida 32623 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 75092 nafari jarohatlandi. Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar misli ko‘rilmagan darajada ortib bormoqda.
LiveBarchasi