G‘azodagi qirg‘inning oxiri ko‘rinmoqda
Tahlil
−
28 noyabr
164926 noyabr kuni Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh bitimi 27 noyabr tongidan boshlab kuchga kirdi. Isroilning Livanga qarshi tajovuzini to‘xtatgan 13 banddan iborat sulh imzolangan bo‘lib, unda tomonlar quyidagicha majburiyatlar oldi. Sulhga ko‘ra, Livan hukumati “Hizbulloh” yoki Livan hududidagi boshqa qurolli guruhning Isroilga qarshi biron bir operatsiya o‘tkazishiga ruxsat bermaydi. O‘z o‘rnida Isroil ham Livandagi fuqarolik, harbiy yoki hukumat inshootlariga quruqlik, dengiz yoki havo orqali hech qanday harbiy hujum uyushtirmaydi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, Isroil kuchlarining bo‘linmalari kelasi 60 kun ichida Livan hududini tark etadi. “Hizbulloh” esa o‘z qo‘shinlarini Isroil chegarasidan 30 kilometr uzoqlikdagi Litani daryosigacha olib chiqishi lozim. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar va Fransiya mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlash uchun Livanning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga rahbarlik qilishga intilishi belgilandi. Shunday qilib, 26 noyabrda ikki o‘rtada o‘t ochish to‘xtadi va bu Isroilning Livan hududiga 14 oy davom etgan bosqini yakunlaganini bildiradi. Agar sulh shartlari hech qanday muammolarsiz, keshilganidek ado etilsa.
Eron va Isroil reaksiyasi
Eron Livan va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini olqishladi. Ammo islom respublikasi bu boradagi qat’iy pozitsiyasini saqlab qolishini yana bir bor eslatib qo‘ydi. Eron Tashqi ishlar vazirligining tegishli bayonotida Eron ayni paytda Livan xalqi va mamlakatdagi qarshilik kuchlariga har tomonlama yordam berishda davom etishi ma’lum qilindi. TIVning qayd etishicha, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, shuningdek, G‘azo sektoridagi mojaroga barham berish uchun Isroilga bosim o‘tkazish vazifasi mas’uliyati xalqaro hamjamiyat zimmasiga yuklanadi. Shundan so‘ng Isroil armiyasi asta-sekin Livan hududidan chiqib ketadi va har ikki tomonning tinch aholisi tez orada o‘z uylariga xavfsiz tarzda qaytib, vayronaga aylangan ob’ektlarni qayta qurishi mumkin.
Netanyaxu esa AQSHga jarayonga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Ammo u ham keskinlik yana qayta avj olishi va Isroil bu masalada o‘zining ilgarigi pozitsiyasiga qaytishini inkor qilmadi. U Isroil o‘z xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday zarbaga qarshi harakat qilish huquqini va “Hizbulloh” bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga amal qilish erkinligini o‘zida saqlab qolishini aytdi. Kelishuv doirasida Isroil Bosh vaziri, shuningdek, mamlakat fuqarolariga, agar “Hizbulloh” o‘zini qurollantirsa yoki chegara yaqinidagi infratuzilmasini tiklasa, Isroil Livanda jangovar harakatlarni davom ettirishiga va’da berdi.
G‘azoga aylanishiga bir baxya qolgan Livan
Ikki o‘rtadagi qarama-qarshilik to‘xtatilib, tinchlikka erishilgani dunyoda so‘nggi payt kechayotgan o‘ta tarang vaziyatni anchagina yumshatdi. Ammo bungacha Livanda juda yirik yo‘qotishlar, jumladan inson hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq halokatli jarayon va qator infratuzilmalarda katta hajmdagi vayronkor hujumlar yuz berdi. Salkam 14 oy davom etgan Livandagi Isroil hujumlarida kamida 3,823 kishi halok bo‘ldi va 15,859 kishi yaralandi. Ba’zi manbalar 900 mingdan 1 milliongacha aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgani haqida ma’lumot berdi. Joriy yilda o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish Livandagi voqealarga to‘xtalib, bu yerda jahannam eshiklari ochilayotgani va hudud ikkinchi G‘azoga aylanish ehtimoli yuqori ekanini ta’kidladi. O‘sha payt Isroilning Livandagi bosqinlari Guterrishning xavotirli bayonotini tasdiqlardi. Mamlakatda G‘azoning o‘ta ayanchli taqdirining takrorlanishi ehtimoli yuqori edi. O‘tgan yili oktyabr oyida G‘azodagi qirg‘in boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, Livanda joylashgan va mamlakatning harbiy va siyosiy tizimida muhim ahamiyat kasb etadigan “Hizbulloh” harakati HAMAS bilan birdamlik namoyish qilgan holda Shimoliy Isroilga raketa hujumlarini boshlab yubordi. Ular yahudiy davlati tomonidan qamal qilingan anklavda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganini aytdi.
O‘sha vaqtdan beri Isroil harbiylari “Hizbulloh” bilan Isroil-Livan chegarasi orqali tinimsiz o‘t almashishni boshladi. Bu esa Livan va Isroil chegarasida ikki tomondan ham ko‘plab tinch aholi o‘z uy-joylarini tashlab ketishiga olib keldi. Joriy yilning yoziga kelib, mojaro o‘zining eng halokatli cho‘qqisiga chiqa boshladi. Kuzga kelib esa Isroil barchani ham hayratga, ham qo‘rquvga solgan o‘ziga xos uslubdagi terror va keng qamrovli hujumlarni amalga oshirishni boshladi. Xususan, 17 sentyabr kuni “Mossad” ishtirokida amalga oshirilgani aytilgan texnoterror butun dunyoni junbishga keltirdi. Livanda “Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanib kelgan peyjerlar nomli aloqa qurilmalarining ommaviy portlashi kuzatildi. Mazkur ommaviy portlashlar tufayli ikki kun davomida 40 ga yaqin kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, jarohatlanganlar soni 3 yarim mingdan ortib ketdi. Tayvanning Gold Apollo, Vengriyaning BAC Consulting kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarga borib taqaladigan bu mojaro yakunda ularning hech biri tomonidan tan olinmadi. Ammo Netanyaxu oradan ma’lum vaqt o‘tib, peyjerlar portlashida Isroilning qo‘li borligini oshkor qildi. Peyjerlar bilan bog‘liq ayanchli voqeadan so‘ng, Isroilning keyingi nishoni to‘g‘ridan to‘g‘ri “Hizbulloh” rahbarlari bo‘ldi. 20 sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Livandagi “Hizbulloh” harakatining tayanchi hisoblangan Bayrutning Dahiya mahallasiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida guruhning asosiy yetakchilaridan biri Ibrohim Oqil va yana 10 ga yaqin yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, 27 sentyabr kuni kechqurun Isroilning qiruvchi samolyotlari “Hizbulloh” tashkiloti shtab-kvartirasi joylashgan Bayrutning janubiy chekkasidagi aholi zich joylashgan Dahiya tumaniga kamida 10 marta raketa hujumi uyushtirdi. Keyinchalik Isroilning mazkur zarbasi oqibatida “Hizbulloh”ning 32 yillik yetakchisi Hasan Nasrulloh hamda unga yordam berish uchun Erondan Livanga jo‘natilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Abbos Nilforushan halok bo‘ldi. Bu vaqtda “Hizbulloh” juda og‘ir tushkun davrni boshdan kechirar, harakat o‘z tarkibini qayta tiklash va yangi yetakchi tayinlash kabi qiyinchiliklar qarshisida qoldi.
Nasrullohning o‘limi tasdiqlangandan so‘ng ko‘p o‘tmay yangi ehtimoliy rahbar nomi oshkor qilindi. Bu Hasan Nasrullohning amakivachchasi hamda Eronning “Quds” kuchlari sobiq qo‘mondoni, 2020 yilda AQSH havo hujumida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyning kuyovi Safi ad-Din edi. Ammo Nasrullohdan keyin u ham uzoq yashamadi. 4 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil Livanga yana havo hujumlari uyushtirdi. Bu hujum nishoni “Hizbulloh”ning potensial yangi yetakchisi Safi ad-Din ekanligi aytildi. Manbaga ko‘ra, Safi ad-Din 4 oktyabr kuni Bayrut janubidagi Dahiya chekkasidagi yerosti bunkerida bo‘lib o‘tgan “Hizbulloh” rahbariyatining yig‘ilishida ishtirok etgan. Aynan shu bunker Isroil mudofaa kuchlari zarbasi nishoniga aylangandi. “Axios” portali Hoshim Safi ad-Din joylashgan “Hizbulloh” shtab-kvartirasiga 73 tonna portlovchi modda tashlanganini ta’kidladi. 5 oktyabr kuni “Reuters” Livan xavfsizlik tizimidagi manbalarga tayangan holda Safi ad-Din bilan aloqa uzilganini xabar qildi. “Al Arabiya” esa manbalariga tayanib, Safi ad-Din o‘zining yordamchilari, eronliklar va “Hizbulloh”ning dala qo‘mondonlari bilan birga bo‘lgan Bayrut janubidagi bunkerga berilgan zarbadan so‘ng vafot etganini ma’lum qildi. Shunday qilib, Isroil 2 hafta ichida “Hizbulloh”ning naqd 3 nafar yangi rahbarini o‘ldirishga muvaffaq bo‘ldi. Bungacha esa harakatga 32 yil davomida faqat bir rahbar boshchilik qilib kelgandi. Isroil harbiy kuchlari – SAXALning bu harakatlari uning qudrati va salohiyati borasida ko‘pchilikda xavotir uyg‘otdi. Ammo 3 nafar rahbar juda qisqa vaqt ichida yo‘q qilinishiga qaramay, harakat keyingi yetakchini saylashda davom etdi. Naim Qosim inqiroz ichidagi harakatga boshchilik qilishni o‘z qo‘liga oldi. Yangi yetakchi darhol Isroil tahdidiga uchradi. Isroil Naim Qosim o‘zidan oldingi rahbarlar Hasan Nasrulloh va Hoshim Safi ad-Din yo‘lidan boradigan bo‘lsa, uning lavozimda qolish muddati bu tashkilot tarixidagi eng qisqalaridan biri bo‘lishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Biroq Naim Qosim tahdidga tahdid bilan javob qaytarib, Netanyaxu qachon o‘lishini bilmay qolishini, ehtimol bu uning qaysidir nutqida yuz berishi mumkinligini bildirdi. Bundan tashqari, Naim Qosim “Hizbulloh” sobiq rahbari, Isroil tomonidan yo‘q qilingan Hasan Nasrulloh olib borgan ishni davom ettirishga sodiqligini, Nasrulloh yo‘lidan borishini ma’lum qilgandi.
Tinchlik navbati G‘azogami
Isroilning Livandagi bosqini yakuniga yetgach, bunday harakatlar G‘azoda ham to‘xtatilishi borasida umid paydo bo‘ldi. SAXAL tomonidan sektorda sodir etib kelinayotgan genotsid nihoyasiga yetish ehtimollari haqida gap-so‘zlar va hatto rasmiy harakatlar ham boshlanib ketdi. AQSH va Isroil vositachi davlatlar – Misr, Qatar va Turkiya bilan birgalikda yaqin kunlarda G‘azo sektorida sulhga erishishga harakat qilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u Vashington urushni to‘xtatish bilan birga HAMAS harakatini Falastin anklavidagi hokimiyatdan chetlatishni rejalashtirayotganini ham qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan Bayden G‘azoda sulhga erishish bo‘yicha ish boshlashini ma’lum qildi. Sallivanga ko‘ra, Prezident Bayden 27 noyabr kuni Turkiya, Qatar, Misr va mintaqadagi boshqa ishtirokchilar bilan mazkur masalada bog‘lanishni o‘z vakillariga topshiradi. Shunday qilib, “Hizbulloh” bilan boshlangan murosa yo‘li G‘azoga ham burilish ehtimoli yo‘q emas. Har holda Isroilni hisobga olmaganda, deyarli butun dunyo 1 yildan buyon sektorda davom etib kelayotgan o‘ta jirkanch genotsid, insoniyatga qarshi misli ko‘rilmagan jinoyatlarning tugashidan manfaatdor.