G‘azoda yana yordam olmoqchi bo‘lganlar o‘qqa tutildi

Olam

image

So‘nggi 24 soat ichida Isroil armiyasining G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 66 falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, vafot etganlar orasida insonparvarlik yordamini kutayotgan tinch aholi vakillari ham bor. Nashrga ko‘ra, “ular ochlikdan o‘lmaslik uchun yordam ilinjida tashqariga chiqqan va daydi o‘qlarning qurboniga aylangan”. 

Shifokorlar va guvohlarning ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo shahrining markazidagi Vahdet ko‘chasida uyushtirilgan zarbada uch tinch aholi vafot etgan. Shuningdek, shimoldagi Shayx-Ridvon hududida bir guruh g‘azoliklar o‘qqa tutilgan. Zarqa hududidagi uyga qilingan hujumda ham bir necha kishi jarohat olgan.

Qolaversa, G‘azoning Zikim hududida yordam kutib turgan to‘qqiz falastinlik isroilliklarning hujumidan halok bo‘lgan. Shimoliy, janubiy va markaziy hududlarga uyushtirilgan boshqa zarbalarda esa 49 kishi jon bergan. 

Bundan tashqari, markazdagi Nuseyrat qochqinlar lageri yaqinidagi uyga qilingan aviazarbada besh kishi halok bo‘lgan.

Oxirgi paytlar bu kabi holatlar G‘azoda tez-tez sodir bo‘lmoqda. Isroil kuchlari ovqat, yordam olishga intilgan g‘azoliklardan “xo‘rak” sifatida foydalanib keladi. Gumanitar yordam esa mintaqa aholisining eng so‘nggi umidlaridan biri. May oyidagi oxirgi tahlillardan beri, 2025 yilning iyun oyiga qadar hududdagi ozg‘inlikdan o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan bolalar soni 14 ming 100 nafardan 43 ming 400 nafargacha oshgan. Homilador va emizikli ayollar orasida ham holat keskin yomonlashgani aytiladi. May oyida 17 ming deb baholangan holat, 2026 yilning o‘rtasiga borib 55 minggacha ko‘payishi kutilyapti. 

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari boshlanganidan beri deyarli 63 ming kishi, asosan ayollar va bolalar urush qurboniga aylangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining 500 dan ortiq xodimi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk va Bosh kotib Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olishni talab qilgandi. Folker Tyurk xodimlarning noroziligini yaxshi tushunishini bildirgan. Guterrish ham uni qo‘llab-quvvatlagan, ammo rasmiy ravishda “genotsid” deb atash faqat Xalqaro sud vakolatida ekanini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Shayx-Ridvon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing