G‘azoda yana notinchlik (video)
Olam
−
07 Oktabr 2023
13046Bugun, 7 oktyabr kuni ertalab Isroil G‘azo sektoridan mamlakat hududiga raketa zarbalari berilganini e’lon qildi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati xabar berdi.
"Oxirgi yarim soat ichida G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketalar uchirildi. Isroil janubi va markazi aholisiga qo‘riqlanadigan hududlarda qolish va Ichki front qo‘mondonligi ko‘rsatmalariga amal qilish qat’iy tavsiya etiladi", deyiladi bayonotda.
Bildirilishicha, Isroil janubi va markazidagi ko‘plab aholi punktlarida, jumladan Tel-Aviv va uning chekkalarida havo hujumi sirenalari yoqilgan. Sirenalar bir soatdan ko‘proq vaqt davomida chalingan. Isroil Mudofaa kuchlari logistika qo‘mondonligidan havo hujumi haqida ogohlantirish haqidagi birinchi xabar 06:29 da kelib tushgan.
G‘azodan otilgan o‘qlar fonida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Tel-Avivga jo‘nab ketgan. U mamlakat xavfsizlik kuchlari rahbariyati bilan shoshilinch uchrashuv o‘tkazadi.
“Bosh vazir Benyamin Netanyaxu voqea tafsilotlaridan xabardor va yaqin soatlarda xavfsizlik rahbariyati bilan tezkor yig‘ilish o‘tkazadi”, deyiladi Isroil hukumati rahbari idorasi bayonotida.
Bu orada Isroil armiyasi mamlakat hududiga falastinlik harbiylar kirib kelganini ma’lum qildi.
"So‘nggi bir soat ichida HAMAS harakati G‘azo sektoridan Isroil hududiga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Bir qator joylarda terrorchilar Isroil hududiga kirib borgan", deyiladi Isroil armiyasi xabarida.
Bo‘layotgan voqealar fonida Isroil armiyasi “urushga shaylik holati”ni e’lon qildi va mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galant armiyaga zaxiradagi askarlarni jalb qilishni ma’qulladi.
Isroil Prezidenti Isxak Gersog ham G‘azo sektoridan ertalab boshlangan yirik raketa hujumlari fonida yahudiy davlati og‘ir ahvolda ekanini aytgan.
"Isroil davlati og‘ir vaqtni boshdan kechirmoqda. Men Isroil mudofaa kuchlari, uning qo‘mondonlari va harbiy xizmatchilari hamda barcha xavfsizlik xizmatlarini qo‘llab-quvvatlayman va hujum ostida qolgan Isroilning barcha aholisini qo‘llab-quvvatlayman. Hammani [Isroil mudofaa kuchlari] Ichki front qo‘mondonligining ko‘rsatmalariga rioya qilishga va xotirjam bo‘lishga chaqiraman”, deb yozgan Prezident X'dagi sahifasida.
Voqealar fonida Isroil armiyasi G‘azo sektoriga hujum boshladi.
"Isroil mudofaa kuchlari hozirda G‘azo sektorida zarbalar bermoqda. Tafsilotlar keyinroq bo‘ladi", deyiladi armiya bayonotida.
LiveBarchasi