G‘azoda o‘tin terayotgan ikki bola Isroil droni sabab halok bo‘ldi
Olam
−
08:47 1639 2 daqiqa
G‘azo shahrida o‘tin yig‘ish bilan shug‘ullanayotgan paytda Isroil harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgan ikki nafar falastinlik bola halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lgan bolalar – Muhammad va Sulaymon Al-Zavara bo‘lib, ular amakivachcha bo‘lgan. Shifoxona ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad 14 yoshda, Sulaymon esa undan bir yosh kichik bo‘lgan.
Ular 24 yanvar kuni o‘ldirilgan, jasadlari Al-Shifo shifoxonasiga olib kelingan. Tarqalgan videolarda bolalardan birining otasi jasadni bag‘riga bosib, iztirob chekayotgani aks etgan.
Ikki bola va ularning oilalari G‘azoning shimoliy qismida yashagan. Ularning amakisi Salmon Al-Zavara nashrga bolalar juda yaqin do‘st bo‘lganini aytgan.
“Ular hayotga to‘la, quvnoq edi. Ota-onalariga yordam berishni xohlashdi, shu sababli bu sovuq qishda ovqat pishirish va oilani isitish uchun o‘tin terishga chiqishdi”, degan u.
Isroil harbiylari kecha, 25 yanvar kuni CNN’ga G‘azo shimolida harakatlanayotgan qo‘shinlar “Sariq chiziq”dan o‘tib ketgan, hududga portlovchi moslama joylashtirgan va askarlarga yaqinlashib, bevosita xavf tug‘dirgan bir necha terrorchini aniqlaganini ma’lum qilgan.
Harbiylar mazkur hodisa aynan bolalar halok bo‘lgan voqea ekanini tasdiqlagan. Biroq harbiy manba “ular bolalar emas edi”, deb da’vo qilgan va bunga oid hech qanday dalil keltirmagan.
Qayd etish joiz, G‘azoning ayrim hududlarida “Sariq chiziq” aniq belgilab qo‘yilmagan yoki ko‘rinmaydi.
Bu G‘azoda o‘tin terayotgan bolalarning halok bo‘lishi bilan bog‘liq birinchi holat emas.
O‘tgan yilning noyabr oyida sakkiz va o‘n yoshli Fadi va Juma Abu Assi nogiron otalari uchun o‘tin olishga chiqqan va dron zarbasi oqibatida halok bo‘lgan. Isroil harbiylari o‘sha zarbani amalga oshirganini tan olib, bolalarni “Sariq chiziq”dan o‘tib, shubhali harakatlar qilgan va janubiy G‘azoda faoliyat yuritayotgan Isroil mudofaa kuchlariga xavf tug‘dirgan ikki gumonlanuvchi” deb atagan.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida Isroil harbiy harakatlari oqibatida yana uch kishi halok bo‘lganini, oktyabr oyida sulh kuchga kirganidan buyon qurbonlar soni 484 nafarga yetganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil – G‘azoda boshlangan genotsid davrida 260 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi