G‘azoda ochlikdan vafot etganlar soni 200 nafardan oshdi
Olam
−
08 avgust 2179 2 daqiqa
Bugun, 8 avgust kuni 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azo sektorida oziq-ovqat yetishmovchiligi va gumanitar inqiroz tufayli ochlikdan vafot etganlar soni 201 nafarga yetdi. Ulardan 98 nafari bolalar. Bu haqda G‘azo Cog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida 4 kishi, jumladan 2 nafar bola ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida halok bo‘lgan. Joriy yilning 27 iyulidan buyon Isroil G‘azoga gumanitar yordamning qisman qayta kirib kelishiga ruxsat bergan bo‘lsa-da, faqat 945 ta yuk mashinasi hududga kirgan, bu esa aholi ehtiyojlarining atigi 14 foizini qoplaydi. Mahalliy ma’muriyatning aytishicha, yordam olib kirayotgan yuk mashinalarining katta qismi Isroil harbiylarining bevosita ishtiroki yoki ko‘z yumishi oqibatida talon-toroj qilinmoqda.
G‘azo ma’muriyati hisob-kitoblariga ko‘ra, aholining minimal oziq-ovqat, zarur buyumlar, yoqilg‘i va dori-darmon ehtiyojlarini ta’minlash uchun kuniga kamida 600 ta yuk mashinasida gumanitar yordam kirishi kerak.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Isroilning G‘azoda tinch aholiga oziq-ovqatga kirishni taqiqlashi insoniyatga qarshi jinoyat deb baholanishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, ruxsat etilgan yordam hajmi zarur miqdordan juda kam.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azoga qarshi urushi kamida 61 258 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 152 045 kishi yaralandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rasmiylariga tayanib, NBC News AQSH Prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga ishonmasligini bildirib, telefon orqali suhbat davomida unga baqirgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi